Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida “Tanabata” an’anaviy yapon festivali va “Manga” rasmlar ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
"Tanabata" bu - an’anaviy yapon bayrami bo‘lib, ko‘p joylarda “yulduzlar festivali” deb ham ataladi. Bu bayram Yaponiyada har yili 7 iyulda nishonlanadi.

Tadbir davomida "Manga" ko‘rik-tanlovi, Tanabata afsonasi, mahorat darslari, an’anaviy yapon kiyimini kiyib rasmga tushish marosimi, yapon choyi va shirinliklari, an’anaviy yapon taomlari, "Fukinagashi" an’anaviy yapon bezaklarini yasash kabi namoyishlar havola qilindi.

Mamlakatimizda ham yapon millatiga mansub yurtdoshlarimiz ko‘pligi bois "manga" san’ati tobora ommalashib bormoqda. "Manga" qadimiy tarixga ega va yapon madaniyatining muhim qismidir. Biroq so‘nggi yillarda yapon komikslari san’ati ham dunyoning ko‘plab mamlakatlarida media madaniyatining ajralmas qismiga aylandi. Kino va adabiyot singari manga ham turli janrlarni qamrab olgan bo‘lib, uni barcha yoshdagi odamlar o‘qiy oladi.

Joriy yilda “Manga” ko‘rgazma-tanlovida 11 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan 85 nafar ishtirokchi o‘z asarlarini taqdim etdi va g‘oliblar saralandi.
Unga ko‘ra, 10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lganlar toifasida Ameliye Xisamiyeva, 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lganlar toifasida Shaxinabonu Usmonova hamda 18 va undan kattalar toifasida Azizbek Saydullayev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Tanlov g‘oliblari diplom, sovg‘alar bilan taqdirlandi va barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Ko‘rgazma joriy yil 16 iyulga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA