Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Manfaatli kelishuvlarga asoslangan tashrif
17:58 / 2023-07-26

Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati hokimligi rasmiylari va tadbirkorlarini qabul qildi.

Qozog‘istonlik mehmonlarning safardan ko‘zlangan asosiy maqsadi – viloyatdagi rivojlanib borayotgan avtomobilsozlik, qurilish va tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish, kichik biznes bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro tajriba almashishdan iborat.  

Uchrashuv chog‘ida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Turkiston viloyati delegatsiyasi a’zolariga Jizzax viloyati sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm salohiyatlari xususida gapirdi.  

Shuningdek, qozog‘istonlik mehmonlarning Jizzax viloyati haqidagi taassurotlari, hamkorlikning yangi sohalari to‘g‘risida ham muzokaralar olib borildi. Ushbu o‘zaro manfaatli muzokaralar davomida tomonlar hududlarda tashkil etiladigan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ko‘rgazmasi, yarmarka va forumlarida faol qatnashishga, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tashriflarni ko‘paytirishga kelishib olindi.  

Xizmat safari doirasida Turkiston delegatsiyasi tarkibida Jizzaxga kelgan “Cotton Makta” va “Jizzax kenteks” MCHJ vakillari o‘rtasida umumiy qiymati 500 ming AQSH dollarlik tekstil mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Mehmonlar “Jizzax” MIZ hududidagi korxonalar, jumladan, “ADM Jizzax” MCHJning avtomobil ishlab chiqarish zavodi, qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Master Bilding Produkts” MCHJning korxonasi, qandolat mahsulotlari tayyorlanadigan “Bonu” MCHJ, tayyor ip-kalava ishlab chiqaruvchi “Jizzax kenteks” MCHJ ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham tanishdi.  

Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari hokim yordamchilari hamrohligida Jizzax shahri va tumanlaridagi “Olmazor”, “Shodlik”, “Oqqo‘rg‘onlik”, “Jizzaxlik”, Mirzo Ulug‘bek, “Nurliobod” MFY hududlarida kichik biznes tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘zdan kechirdi.  

A.Qayumov, O‘zA