Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 22–25 mart kunlari Minsk shahrida bo‘ldi.
O‘zbekiston va Belarus Respublikalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlarining Toshkent va Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi uchrashuvlari chog‘ida ilm-fan, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinib, muhim kelishuvlarga erishilgan edi.
O‘zbekiston va Belarus Ichki ishlar vazirligi akademiyalari o‘rtasidagi tajriba almashinuvi 2018 yilning 15 mayida imzolangan memorandum doirasida yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davr mobaynida ta’lim integratsiyasini kuchaytirish, o‘qitishning ilg‘or yondashuvlarini ommalashtirish yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Minsk shahri mezbonlik qilgan galdagi uchrashuvlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashda istiqbolli dasturlarni amaliyotga tatbiq etish hamda ta’lim samaradorligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Delegatsiyamiz a’zolari dastlab Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi qoshidagi ixtisoslashgan litseyda bo‘ldi. Mehmonlarni litsey boshlig‘i, militsiya general-mayori Viktor Jiburtovich qutlar ekan, zamonaviy ta’limni yo‘lga qo‘yishda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘xshash jihatlar borligini alohida e’tirof etdi.

– O‘zbekistonda ham xuddi shunday litseylar tashkil etilganidan xabardorman. O‘qitishning bosqichma-bosqich tizimi ichki ishlar organlari uchun professional mutaxassislar tayyorlashda muhim omil bo‘ladi. bugungi uchrashuv hamkorligimizni mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta”, – dedi V.Jiburtovich.
Shundan so‘ng O‘zbekiston vakillariga ta’lim maskanining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Mutaxassislarning aytishicha, zamonaviy imkoniyatlarga ega mazkur litseyda huquqiy fanlar besh yillik dastur asosida chuqur o‘rgatiladi. Malakali pedagog-mutaxassislar tomonidan kasbiy bilimlar bilan birga, jangovar va jismoniy ko‘nikmalar shakllantirib boriladi. Bundan tashqari, ta’lim maskanida mafkuraviy-ruhiy tayyorgarlik hamda ichki ishlar organi xodimiga xos fazilatlarni yuksaltirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Litseyda bilim oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy o‘quv xonalari va yotoqxonalar, kutubxona, sport-sog‘lomlashtirish va ovqatlanish majmualari vakillarimizda iliq taassurot qoldirdi.
Dasturda belgilangan asosiy uchrashuvlar 24 mart kuni Belarus Respublikasi IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamovning Belarus Respublikasi Prezidenti yordamchisi, militsiya general-leytenanti Aleksandr Barsukov, IIV Akademiyasi boshlig‘i, militsiya general-mayori Sergey Doroshko va boshqa mutasaddilar ishtirokidagi muloqoti chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi ahvoli yuzasidan fikr almashildi.
– O‘zbekiston va Belarus Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama rivojlanib bormoqda, jumladan, huquqni muhofaza qilish sohasida ham, – dedi delegatsiya rahbari Rustam Xatamov. – Shu nuqtai nazardan, bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan hisoblangan xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, yuzaga kelayotgan xatarlarning oldini olish masalasida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish davr talabidir. Binobarin, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yetuk salohiyatli kadrlar tayyorlash hozirgi murakkab sharoitda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqinda Belarus Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i, janob Sergey Ivanovich bilan o‘tkazgan videomuloqotimiz chog‘ida mazkur yo‘nalishda bir qator masalalarni kelishib olgan edik. O‘ylaymanki, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashdan barchamiz manfaatdormiz.
Uchrashuvda malakali kadrlar tayyorlash qamrovini kengaytirish, yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi. So‘ng delegatsiyamiz a’zolari Akademiyadagi shart-sharoitlar, innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan auditoriyalar, ta’limga tatbiq etilayotgan o‘ziga xos metodlar bilan tanishishdi. Kursantlar ishtirokida o‘q otish bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston va Belarus IIV Akademiyalari vakillarining keng doiradagi uchrashuvi ham o‘tkazildi. Ikki mamlakat ta’lim tizimidagi yangilanishlar, tajriba o‘rganish, professor-o‘qituvchilar va kursantlar uchun malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish, birgalikda master-klass mashg‘ulotlarini tashkillashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishning dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish muhokama markazidagi asosiy mavzu bo‘ldi. Belaruslik hamkasblarimiz tomonidan ichki ishlar organlari kadrlarini tayyorlash, qayta va malakasini oshirish tizimi taqdimot tarzda namoyish etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natijalarga boy o‘tgan ikki kunlik safar davomida istiqboldagi strategik yo‘nalishlar belgilab olindi. Kadrlar tayyorlash samarasini oshirishga qaratilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash, bu borada mavjud imkoniyatlarni ishga solish va hamkorlikni yanada rivojlantirish tomonlar e’tirof etgan ustuvor maqsad bo‘ldi.
Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasining Axborot xizmati xodimi