Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
11:12 / 2023-11-23

“O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalar ijrosi qanday bajarilmoqda? Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva ma’lumot berdi:

– “O‘zbekiston – 2030" strategiyasining 89-maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi 2030 yilgacha erishiladigan samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilandi.  

Bu “Transparency International” xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz o‘rnini 50 pog‘onaga ko‘tarilishiga erishish; davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini ikki barobarga kamaytirish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda jamoatchilik nazoratini to‘laqonli joriy qilish va yuz foiz normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan holi qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini ta’minlashdir.  

Ushbu maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha “O‘zbekiston – 2030" strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangandi.  

Dastur ijrosi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.  

Qonun bilan MJtKning 175-8-moddasining (Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) sanksiyasi kuchaytirilib, jarima summasi miqdorini oshirish taklif etilmoqda.  

Ushbu modda bilan avval faqat mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, endilikda qonun loyihasiga ko‘ra, mansabdor shaxslar bilan birgalikda davlat xaridlariga mas’ul bo‘lgan ijrochi xodimlarni ham javobgarlikka tortish taklif etilmoqda.  

Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilindi.  

Qonun bilan davlat organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish tartibi hamda normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar belgilandi.  

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkinligi belgilandi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi hamda hududiy kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.  

Yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida Aksilkorrupsiya kovorking markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda va barcha oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.  

Jumladan, Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan YouthLed loyihasi ishga tushirildi.  

Agentlik tomonidan davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va tahlil qilish maqsadida 30 dan ortiq yo‘nalishda o‘rganishlar olib borilib, natijalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va boshqa tashkilotlarga 40 ta tahliliy ma’lumot kiritildi.  

Xususan, yoqilg‘i energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, davlat xaridlari, ta’lim va yerdan foydalanish sohalarida korrupsiya xavf-xatarlar tahlil qilinib, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.  

Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlariga 189 ta taqdimnomalar kiritilib, mansabdor shaxslarning korrupsiya belgilari mavjud bo‘lgan qarorlari bekor qilindi.  

 

N.Abduraimova, O‘zA