English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan 407 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan
14:42 / 2025-09-16

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov axborot berdi:

— Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarda nafaqat Agentlik va huquq-tartibot idoralari, balki barcha tashkilot va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarda mo‘ljallangan 4-dastur sohada muhim dasturilamal hujjat bo‘ldi.  

2024 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning huquqiy asoslari yaratildi. Agentlik tomonidan 2024 yil davomida 111 ta davlat xaridida manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan vazirlik va idoralarga 57 ta taqdimnoma, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 54 ta so‘rovnoma kiritilib, 75 ta holatda xaridlar bekor qilinishi ta’minlandi.

[gallery-25445]

Mazkur qonun qabul qilingandan hozirga qadar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan 407 nafar shaxsning ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi. Korrupsiyaga oid jinoyat uchun sudlangan shaxslar sohalar kesimida tahlil qilinganda, ularning maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va  tijorat banklari tizimida faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga oid 79 normativ hujjat korrupsiyaviy ekspertizadan o‘tkazildi. Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 117 nafar xodimida manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.  

Korrupsiya omillarini bartaraf etishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Sohalarda korrupsiyaga yo‘l ochib beruvchi jihatlar tahlil qilindi. O‘tgan yili 2 ming 677 ta loyiha korrupsiyaga oid ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 455 tasida 1 ming 13 ta korrupsiyaviy omillar aniqlanib, bartaraf etildi. Korrupsiya omillari aniqlangan loyihalar soni 5 foizga, korrupsiya omillari soni esa 37 foizga kamaygan, — dedi agentlik rahbari.  

Muhokamalarda xalq vakillari Agentlik tomonidan korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, mamlakat milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni kompleks tahlil qilish, byudjet mablag‘larining sarflanishi, sohalarda aniq ko‘rinib turgan korrupsiya holatlarini o‘rganish, mansabdor shaxslarning qarorlari qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilayotgan nazorat samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdilar.

Majlis yakunida sohani takomillashtirish hamda Agentlik tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator takliflar ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

Asliddin Alijonov (surat),

O‘zA