Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yilsa, korrupsiya barham topadi (+video)
21:51 / 2024-06-07

Davlatimiz rahbari joriy yil 5 iyunda «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Mazkur hujjat qabul qilingan kundan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

Shu kunlarda jamiyatda muhim voqelik bo‘lgan mazkur qonun mazmun-mohiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalarga keng jamoatchilik alohida e’tibor qaratmoqda. 

Poytaxtimizda tashkil etilgan matbuot anjumani shu masalaga bag‘ishlandi. 

Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mazkur qonun manfaatlar to‘qnashuviga barham berish borasida muhim huquqiy asos bo‘lganini ta’kidladi. 

Zero, manfaatlar to‘qnashuvi aslida ko‘zga ko‘rinmaydigan, biroq eng xavfli illat hisoblanadi. Bunga qarshi keskin kurashilsa, ya’ni manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yilsa, korrupsiya barham topadi. 

Manfaatlar to‘qnashuviga barham berish uchun davlat va davlatga aloqador idora va tashkilotlarda o‘rganish ishlari olib boriladi. Taxminlarga ko‘ra, 20 mingga yaqin idora va tashkilotdagi faoliyat ko‘rib chiqiladi. 

Bu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish, aniq samaradorlikka erishish uchun Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzilgan. 

Bu jarayonda nafaqat tegishli soha mutaxassislari, balki idora va tashkilotlar xodimlari, jamoatchilik yordamiga ham tayaniladi. 

Qayd etilganidek, yangi qonun manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni xodimlar tomonidan oshkor etish ikki shaklda, ya’ni mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma berish va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Xodimga aloqador shaxslar davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirish majburiyatlari belgilandi.

Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilandi.

Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri yuritiladi. Unda xabar berilgan, aniqlangan hamda tartibga solingan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritib boriladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar bermaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima belgilandi. Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo‘lsa, BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaganlik uchun BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima belgilandi. Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo‘lsa, BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Bunda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish bilan bog‘liq vazifalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

– Korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas, deb topiladi, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. – Bitim bo‘yicha olingan foyda esa davlat daromadiga o‘tkaziladi. Aytib o‘tish kerakki, 2022-2023 yillarda davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan 4,5 mingta (573 milliard so‘mlik) shartnomalarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan. Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan tizimdagi tashkilotlarda 141 milliard so‘mlik 2 ming 720 shartnoma haqiqatda manfaatlar to‘qnashuvi mavjud holatda tuzilgan. 9 shartnoma 3 milliard so‘mga qimmat narxda imzolangan. 1,5 ming nafarga yaqin hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari tadbirkorlik sub’ektlarining boshqaruv organlarida ishtirok etayotgani aniqlangan.

Endilikda qonunga muvofiq, “E-anticor.uz” platformasida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi. 

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan zarur o‘qitish va tushuntirish ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, ularni bartaraf etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqiladi. Shuningdek, ro‘yxatdagi davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun onlayn test sinovlari o‘tkaziladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar, jamoatchilik faollari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fqd-Ti6AHns" title="Manfaatlar toʻqnashuviga chek qoʻyilsa, korrupsiya barham topadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Abduraimova, N.Abduvoitov (video), O‘zA