Bugun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni fraksiya rahbari Alisher Qodirov kirish so‘zi bilan ochar ekan, Qonunchilik palatasi deputatlarining Ruanda Respublikasida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 145-assambleyasidagi ishtiroki haqida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, ushbu assambleyada O‘zMTDP fraksiyasi a’zolari ham Parlamentlararo ma’ruza va hamkorlik bo‘yicha tashabbuslar bilan ishtirok etdi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda fraksiyada muhokamasidan o‘tkazilgan bo‘lib, deputatlar tomonidan e’tirozlar va takliflar bildirilgan edi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mutaxassislar bilan birgalikda bildirilgan e’tirozlar va takliflar atroflicha o‘rganib chiqilib, tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Deputatlar yuqoridagilarni hamda qo‘shimcha fikr va mulohazalarni inobatga olgan holda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.Mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiyaning munosabatlari ham e’tiborga olingan. Ushbu sohada ayrim tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Amaldagi qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushuntirish bo‘lsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanmagan. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasiga, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo‘yicha mexanizmlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan sohada ayrim tizimli muammo va kamchiliklar bartaraf etilishi inobatga olinib, fraksiya a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA