Korrupsiyaga qarshi kurashishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik juda muhim. Ammo bu holat qonun bilan tartibga solinmagani ayrim muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.
Adliya vazirligi tomonidan manfaatlar tuqnashuvining oldini olish to‘g‘risida qonun loyihalari ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihada davlat tashkiloti xodimi yoki uning yaqin qarindoshi aksiyadori, muassisi (ishtirokchisi), boshqaruv organi a’zosi hisoblanadigan yuridik shaxs ushbu xodimlarga aloqador shaxs hisoblanishi belgilanmoqda.
Davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar, ya’ni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari ham loyihadan o‘rin olgan.
Davlat tashkiloti xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ma’lum qilish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish hamda mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish.
Shuningdek, davlat tashkiloti xodimining yaqin qarindoshlari va unga aloqador bo‘lgan shaxslar mazkur xodimning mehnat qilayotgan tashkiloti bilan huquqiy munosabatga kirishayotganida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabar berishi lozim.
Bundan tashqari, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun huquqiy oqibatlar ham belgilanmoqda.
Xususan, manfaatlar to‘qnashuvini ma’lum qilmaslik yoki uning tartibga solinmaganligi uchun intizomiy yoki qonunchilikda belgilangan boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining har bir holatda manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermagani uchun BHMning uch baravaridan besh baravarigacha (takroran bo‘lsa – BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha) jarima solinishi mumkin.
Mansabdor shaxslarga ushbu vaziyatlarni tartibga solmagani uchun BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima (takroran bo‘lsa – BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha) jarima belgilanmoqda.
Ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda.
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar bekor qilinishi sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi. Shuningdek ushbu qarorlar haqiqiy emas deb topilgan taqdirda olingan foyda sud tartibida davlat daromadiga o‘tkaziladi.
Mazkur qonun loyihalari qabul qilinsa, davlat tashkilotida davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir qilinishining oldi olinishi hamda xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi 3 ta indeksda O‘zbekiston pozitsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Qonun loyihalarini ishlab chiqishda mazkur sohada ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan xorijiy davlatlarning amaliyoti o‘rganilgan.
N.Abdurimova,
O‘zA