Insonning huquqi hamisha o‘zi bilan hamroh yuradi. Huquq bilan himoyalanish uchun esa insonda, albatta, huquqiy savodxonlik bo‘lmog‘i lozim.
Shu o‘rinda foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish va xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs)ga iste’molchi, deya nom beramiz. Iste’molchi huquqlari esa O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunida mustahkamlab qo‘yilgan.
Lekin shunga qaramay, xaridor va iste’molchi manfaatlari to‘qnashgan joyda negadir asos bo‘lgan huquq o‘rnini g‘urur yoki qonunlarga bilib amal qilmaslik hollari kuzatiladi. Ba’zida kichik mablag‘lar bilan bog‘liq hollarda ham huquqiy himoyachi kerak bo‘lib qolayotgani kishini ajablantiradi. Aslida xizmat ko‘rsatuvchi yoki sotuvchi xaridor bilan qonun doirasida ish tutsa, ortiqcha muammolar kelib chiqmaydi.
Qaytarilmagan mablag‘…
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro O.Q.ning kontrakt uchun to‘lagan mablag‘idan hisoblangan daromad solig‘i bo‘yicha 532 ming so‘m qaytarilishi lozim bo‘lsa-da, texnik yoki boshqa sabablar bilan ushbu mablag‘ 2023 yilning may oyidan buyon qaytarilmagan. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi xodimlarning sa’y-harakatlari natijasida, fuqaroning mablag‘i bank plastik kartasiga tushirib berildi.
Salkam 12 million so‘mlik sovutkich…
Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida yashovchi fuqaro Z.Q. tuman markazida faoliyat ko‘rsatayotgan do‘kondan 11 million 800 ming so‘mga “Shivaki” rusumli havo sovutkich sotib olgan. Ammo ushbu maishiy texnika vositasi sifatsiz bo‘lib chiqqan. Iste’molchi bu borada do‘kon xodimlariga bir necha marta murojaat qilgan bo‘lsada, masala ijobiy hal etilmagan. Holat o‘rganilib, mas’ullarga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirilgan. Natijada esa havo sovutkich sifatlisiga almashtirib berilgan.
Aviachipta muammosi…
Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashovchi fuqaro A.Balyasnikov 2020 yil fevral oyida Samarqand shahar “Bo‘stonsaroy ko‘chasida” joylashgan MCHJning aviabilet sotish shoxobchasidan Toshkent-Kalilingrad yo‘nalishi bo‘yicha jami 5 dona o‘n bir million besh yuz o‘ttiz to‘qqiz ming so‘mga aviachipta sotib olgan. Biroq, pandemiya davrida avia qatnovlar ma’lum muddatga uzaytirilganligi sababli parvoz amalga oshirilmagan. Shundan so‘ng, fuqaro aviachipta pullarini qaytarishini so‘rab bir necha marotaba murojaat qilsada, hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan.
Yana biri, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro M.Samadov “OOO Doston Servis Plyus” MCHJning aviabilet sotish shoxobchasidan o‘g‘li A.Samadovga Rossiya Federatsiyasiga borish uchun o‘n million so‘mga aviachipta sotib oladi, ammo, fuqaro A.Samadovga aeroportda aliment to‘lovlaridan qarzdorlik mavjudligi sabab uchishga ruxsat berilmagan. Aslida A.Samadovga aliment to‘lovlaridan qarzdorlik mavjudligi Majburiy ijro byurosi tomonidan o‘z vaqtida ogohlantirilmagan. Fuqaro chipta uchun to‘langan 10 million so‘m mablag‘ni qaytarishni so‘rab “OOO Doston Servis Plyus” MCHJga bir necha marotaba murojaat qilishiga qaramay, puli qaytarib berilmagan.
Mazkur murojaatlar o‘rganilishi natijasida, iste’molchilarga mablag‘lari undirib berilgan.
Iste’molchi nimalarga haqli?
Nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
- tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
- tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
- tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
- xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
- shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
Darhaqiqat, ko‘p kuzatilgan holatlarda xizmat ko‘rsatuvchilar yoki sotuvchilar xaridorning huquqlari ustunligini bilsa-da, negadir uchinchi shaxsning aralashuvi masalasida tavakkal qilib, xaridorning huquqlarini bajarmaslikka urinadi. Go‘yoki huquq himoyachilari bundan bexabar qolishi yoki e’tibor qilmasligi mumkin, degan tushuncha bilan. Ammo unutmaslik kerakki, huquqning katta-kichigi bo‘lmaydi. Erkin jamiyatda huquqlar himoyasiz qolmaydi.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA