English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Manbalar so‘zlaganda: Qashqadaryo vohasining tarixiy qiyofasi
09:34 / 2026-01-23

O‘zbekiston zamini qadimiy shaharlar va sivilizatsiya beshiklariga boy. Ular orasida Kesh vodiysi, ya’ni hozirgi Shahrisabz va Kitob hududlari o‘zining bir necha ming yillik tarixi, betakror obidalari va yuksak shaharsozlik madaniyati bilan alohida ajralib turadi. Bu hududlar nafaqat Amir Temur kabi buyuk zotlarning vatani, balki ilm-fan, madaniyat va savdo markazi sifatida ham tarixda chuqur iz qoldirgan. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida yashagan tarixchi va geograf Gulshaniy Buxoriyning “Tarixi Humoyun” asarida ushbu mintaqaning tarixiy topografiyasi, iqlimi, aholisi va me’moriy yodgorliklari haqida nodir ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu maqolada Shahrisabz va uning atrofidagi shaharlarning o‘sha davrdagi qiyofasi, ijtimoiy hayoti va tabiiy sharoiti haqidagi tarixiy haqiqatlarni yoritamiz.

Gulshaniy Shahrisabz shahrini tasvirlar ekan, uning qadimiyligi va tarixiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratadi. U shaharning atrofi baland devorlar va xandaqlar bilan o‘ralganini, to‘rtta darvozasi borligini yozadi. Shahrisabz o‘zining sersuv ariqlari, bog‘-rog‘lari va serhosil yerlari bilan mashhur bo‘lgan. Biroq, muallif shaharning iqlimidagi o‘ziga xos bir jihatni – yoz faslida havoning o‘ta isib ketishi va namlikning yuqoriligi sababli bezgak (isitma) kasalligining tarqalishini ham qayd etadi. Bu ma’lumot o‘sha davr tibbiy geografiyasi va aholi salomatligi masalalarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, shahar aholisining asosiy qismi hunarmandchilik, savdo va dehqonchilik bilan shug‘ullangani, bozorlarning gavjumligi va iqtisodiy faollik yuqori bo‘lgani ta’kidlanadi.

Kitob va uning qo‘rg‘oni haqidagi ma’lumotlar ham nihoyatda qiziqarlidir. Gulshaniy Kitob qal’asini “g‘oyat metn va mustahkam” deb ta’riflaydi. Qal’a ichida hokim saroyi va ma’muriy binolar joylashgan bo‘lib, ularning me’morchiligi o‘ziga xos uslubga ega bo‘lgan. Kitob viloyatining suv ta’minoti Qashqadaryo va uning irmoqlari orqali amalga oshirilgan bo‘lib, bu yerda sholikorlik va bog‘dorchilik rivojlangan. Muallif Kitob va Shahrisabz oralig‘idagi masofa, yo‘llarning holati va qishloqlarning joylashuvi haqida aniq topografik ma’lumotlarni beradi. Bu esa tarixiy geografiya tadqiqotchilari uchun hududning o‘sha davrdagi xaritasini tiklashda qo‘l keladi.

Yakkabog‘ tumani haqida so‘z yuritganda, Gulshaniy uning tabiati va tarixiy obidalariga to‘xtaladi. Xususan, bu yerda qadimiy qal’a qoldiqlari va “Chimqo‘rg‘on” kabi tarixiy joylar mavjudligini eslaydi. Yakkabog‘ning tog‘li hududlarida yovvoyi hayvonlar ko‘p uchragani, ovchiliq rivojlangani va chorvachilik uchun qulay yaylovlar mavjudligi aytiladi. Shuningdek, muallif hududdagi qadimiy madrasalar va masjidlar haqida ma’lumot berib, ularning ba’zilari xaroba holida bo‘lsa-da, o‘tmish hashamatidan darak berib turganini ta’kidlaydi. “Xoja Ilg‘or” qishlog‘i va u yerdagi ziyoratgohlar haqidagi qaydlar esa mintaqaning ma’naviy hayoti va ziyorat turizmi tarixini o‘rganishda muhimdir.

Gulshaniy asarida keltirilgan yana bir muhim jihat – bu hududdagi qadimiy shahar xarobalari va arxeologik yodgorliklardir. Muallif xalq orasida saqlanib qolgan rivoyatlarga tayanib, ayrim tepaliklar va vayronalarning qadimgi podshohlar va sarkardalar davriga oidligini taxmin qiladi. Masalan, Kitob yaqinidagi tog‘larda “Temir qoziq” yoki qadimiy kuzatuv nuqtalari bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar tarixchilar uchun jumboqli va qiziqarli mavzudir. Shuningdek, shaharlardagi suv inshootlari, hovuzlar va hammomlarning tuzilishi haqidagi tafsilotlar o‘sha davr kommunal xo‘jaligi va sanitariya madaniyati haqida tasavvur beradi.

Iqtisodiy jihatdan Shahrisabz va Kitob viloyatlari Buxoro amirligining muhim g‘alla va meva bazasi hisoblangan. Gulshaniy bu yerda yetishtirilgan bug‘doy, arpa, sholi va paxtaning sifati yuqori bo‘lganini, shuningdek, quritilgan mevalar (mayiz, turshak) va yong‘oqlarning katta qismi eksport qilinganini yozadi. Ipakchilik ham rivojlangan sohalardan biri bo‘lib, Kitob ipagi o‘zining nafisligi bilan ajralib turgan. Savdo karvonlari orqali bu mahsulotlar Buxoro, Samarqand va hatto chet ellargacha yetib borgan.

Gulshaniyning kuzatuvlari shuni ko‘rsatadiki, XIX asr oxirida Shahrisabz va Kitob nafaqat agrar hudud, balki boy madaniy va tarixiy merosga ega, o‘zining boshqaruv an’analarini saqlab qolgan yirik iqtisodiy markaz bo‘lgan. Shaharlarning rejalashtirilishi, suv taqsimoti tizimi va mudofaa inshootlari ajdodlarimizning shaharsozlik borasidagi bilimlari asrlar davomida sayqallanib kelganini isbotlaydi. Bu hududlarning tarixiy qiyofasi, garchi vaqt o‘tishi bilan o‘zgargan bo‘lsa-da, manbalardagi tasvirlar orqali bizga qadimgi Keshning buyukligini eslatib turadi.

Shahrisabz va Kitob zamini – bu tirik tarixdir. Gulshaniy kabi muarrixlarning xizmati shundaki, ular bizga bu tuproqning har bir qarichida yashiringan hikmatni, bunyodkorlik va matonat timsollarini yozma yodgorlik sifatida qoldirganlar. Bugungi kunda ushbu tarixiy shaharlarni asrab-avaylash, ularning o‘tmishini chuqur o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish – milliy o‘zligimizni anglashning muhim shartidir. 

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA