Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviyatimiz ko‘zgusi
12:28 / 2025-04-15

15 aprel – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni

Inson tafakkurini yuksaltirish, qalbini  yanada go‘zallashtirishda, ma’naviyatini boyitishda madaniyat va san’atning o‘rni beqiyos. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy madaniyatimiz, san’atimiz, umrboqiy an’ana va qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish, ushbu sohani faol qo‘llab-quvvatlash borasida misli ko‘rilmagan qadamlar tashlandi.  

Davlatimiz rahbarining bir emas, bir necha marta mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvi chog‘ida sohaga oid mavjud muammolar keng va atroflicha, barcha detallari bilan batafsil o‘rganildi. Ularni hal etishning amaliy yo‘llari belgilandi. Mavjud kamchiliklar yechimi borasida jiddiy sa’y-harakatlar boshlab yuborildi.  

Prezidentimiz madaniyat va san’at xodimlarini inson qalbining muhandislariga qiyoslaydilar. Bu bejiz emas, albatta. Zero inson qalbi va tafakkurining holati ko‘p jihatdan ijodkor ziyolilarga bog‘liq.  

Mamlakatdagi mavjud muammolarga qaramay, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” Davlat raqs ansambli qayta tiklandi. Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti, O‘zbek milliy maqom markazi tashkil etildi.  

Mamlakatimizdagi barcha teatr jamoalari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. “Do‘stlar klublari” tashkil etilib, ularni muttasil moddiy qo‘llash maqsadida saxovatpesha tashkilotlar otaliqqa oldi. Teatrlarning repertuarlari yangi spektakllar bilan boyitilmoqda. Xalqimizga eng yaxshi badiiy asarlarni taqdim etish yo‘lida ijodkorlar uchun to‘liq sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Badiiy jamoalar uchun xorijga ijodiy safarlar tashkil etish, ularning chet ellik hamkasblari bilan o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun hamma sharoitlar muhayyo etilmoqda.  

Yosh ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab loyihalar, tanlovlar, festivallar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Milliy san’atimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ustoz ijodkorlarni qadrlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish doimiy e’tiborda. Marhum san’atkorlar xotirasi e’zozlanmoqda.  

Milliy madaniyatga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida jahonning bir qator davlatlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tmoqda. O‘z navbatida mamlakatimizda ham ko‘plab xorijiy davlatlarning madaniyat kunlari o‘tkazilmoqda.  

Sana munosabati bilan joylarda turli anjumanlar, musiqiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ayni paytda madaniyat sohasi mutasaddilari bayramni joylardagi vaziyat bilan tanishish, madaniy muassasalar, teatrlar holatini o‘rganish, mavjud muammolarni tahlil etish, ularni hal etish yo‘llarini belgilashdek ishchan ruhda o‘tkazayotgani diqqatga sazovor.             

Bularning barchasi milliy ma’naviyatimiz, madaniyat va san’atni ravnaq toptirish borasidagi ezgu tashabbuslarning amaliy natijasidir.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri