Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviyati yuksak yoshlar buyuk kelajakni bunyod etadi
10:28 / 2021-01-23

Milliy tiklanishdan milliy yuksalish bosqichiga o‘tib, taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotgan O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda ulkan iqtisodiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani hech birimizga sir emas.

Keyingi paytda qonunchiligimizda qabul qilingan ko‘plab turli normativ-huquqiy hujjatlar xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning turmush darajasini yuksaltirishga, ularni jamiyatning faol ishtirokchisiga aylantirishga imkoniyatlar ochib berishga qaratilgan.

Maktabgacha ta’lim, o‘rta maktab, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim bosqichida ro‘y berayotgan islohotlar, jumladan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident, ijod va turli fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil qilinishi; kasb-hunar ta’limining yoshlarni maqsadli tarzda kasbga yo‘naltirish uchun tubdan qayta ko‘rib chiqilishi; imkon qadar ko‘proq bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish maqsadida ta’lim muassasalarida kvotalarning ko‘paytirilishi; mazkur ishlarning sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun bog‘cha va maktablar uchun yangi binolarning qurilishi bunga yaqqol dalil bo‘ladi.

Biroq har qanday sirt qancha chiroyli bo‘lmasin, uning ichi bo‘sh bo‘lsa, qimmati bo‘lmaganidek, zamonaviy, chiroyli ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning tarbiyasiga, ma’naviyatli bo‘lib yetishishiga e’tibor qaratmas ekanmiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

Bir o‘ylab ko‘ring-a! Keyingi to‘rt yil ichida iqtidorli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorlarini yuzaga chiqarish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi, hukumat qarorlari bilan ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinmoqda. Ularga yuklatilayotgan vazifalardan kelib chiqib, buyuk ajdodlarimizning nomlari berilmoqda: Ibn Sino, Xorazmiy, Ulug‘bek, Ogahiy, Ibrat, Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, E.Vohidov, A.Oripov, I.Yusupov, H.Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf. Navbatda ochilishi kutilayotgan maktablar, ularga boshqa sohalar rivojiga hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz nomlarining berilishi... Har bir ajdodimizning ijodiga nazar tashlar ekanmiz, ularning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ko‘nglimizni faqat g‘urur tuyg‘usi bilan qoplaydi.

Xo‘sh, mana shunday ajdodlarga ega xalq bugungi kunda qaysi yo‘ldan bormoqda? Ajdodlariga munosib avlod bo‘lish yo‘lida qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

bugungi kunda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilarimizning kitobga, bilim olishga bo‘lgan intilishi, ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida o‘z ustida olib borayotgan mehnati tahsinga loyiq. Buning natijasida Prezident maktablarining o‘nlab o‘quvchilari hali maktabni bitirmay turib,  dunyoning nomdor universitetlarining talabalariga aylandilar. Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quvchilari IT, robototexnika, kimyo va biologiya, badiiy adabiyot kabi sohalardagi yutuqlari bilan hammamizni xursand qilmoqda. Bularni keyingi yillarda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ma’naviyat masalasining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani mahsuli deya olamiz.

Hilola Umarova,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni

rivojlantirish agentligi

direktori.

O‘zA