O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishida berilgan vazifa hamda topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari, viloyat madaniyat boshqarmasi, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari hamkorligida “Yangi hayot uchun – Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Mahallada duv-duv gap” targ‘ibot tadbirlari Andijonda yuqori ko‘tarinkilik bilan tashkil etilmoqda.
Ana shu tadbir va uchrashuvlarda viloyatimizda yashab, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilar, umuman ijod ahli ham faol ishtirok etmoqda. Tadbirlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari – Farid Usmon, Xabib Siddiq, Vosit Ahmad, Sardorbek Qosimov, Barno Soliyeva singari ko‘plab ijodkorlar o‘zlarining ijod namunalari, ma’naviyatimiz, adabiyotimiz targ‘iboti haqidagi fikr-mulohazalari bilan yurtdoshlarimiz qalbiga ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.
Ochig‘i, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ma’naviyat, ma’rifatga, ijod ahliga, ularni qo‘llab-quvvatlashga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘batdan men kabi barcha ijodkorlarning qalbi faxr-iftixorga to‘ladi. Ayniqsa, shoir va yozuvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kitob nashri va targ‘ibotini kuchaytirish, kitobxonlikni ommalshtirish borasida olib borilayotgan ishlar har bir ijodkorga ilhom baxsh etadi.
Yana bir jihatni alohida e’tirof etish lozim. Keyingi o‘n yillarda ma’rifatga bu qadar e’tibor berilmagan edi. Prezidentimizning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishida milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish, madaniyat maskanlari, teatrlar faoliyatini tubdan yaxshilash masalalariga alohida urg‘u berganligi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasidagi tashabbus, fikr va mulohazalari ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Bugun davlat siyosatida iqtisodni ma’naviyat bilan uyg‘un olib borish jarayoni kechmoqda, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, ijobiy samara berayotgan to‘rtta sektorga ma’naviyatning beshinchi sektor bo‘lib qo‘shilishi ham ma’naviyat masalasi naqadar muhim va dolzarb ekanligini ko‘rsatadi. Millatimizning yuksak ma’naviyati Yangi O‘zbekistonni barpo etishda eng muhim omillardan biri bo‘ladi. Qolaversa, ma’naviyati yuksak millat hech qachon o‘zligini yo‘qotmaydi.
O‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari orqali ma’rifat bilan omma ichiga kirib borilmoqda. Yangi O‘zbekistonning yangicha fikrlaydigan, ma’rifatli, yuksak ma’naviyatli kishilarini shakllantirish sari dadil qadam tashlanmoqda. Yurtdoshlarimizga jamiyatimizdagi tub o‘zgarishlar, islohotlar jarayonlari, samaralari haqida zarur tushunchalar berilmoqda. Eng asosiysi, ana shu jarayonlarda ularning faol ishtiroki keng targ‘ib etilmoqda.
Joylardagi uchrashuvlar nomiga, xo‘jako‘rsinga o‘tkazilayotgani yo‘q. Tadbirlar Vatan ravnaqi, istiqboli yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qiladigan, har qanday g‘oyaviy, ma’naviy xurujlarga qarshi tura oladigan insonlar safini kengaytirishdek ulug‘ maqsadlarni ro‘yobga chiqarmoqda.
Muxtasar aytganda, muhtaram Prezidentimiz tomonidan boshlab berilgan ma’naviy ko‘tarilish bugungi globallashuv davrida yoshlarning o‘qishi, ilm olishi, kasb-hunar egalashi uchun undov, qolaversa, fuqarolarimiz shuurini yot g‘oyalardan himoya qilishni maqsad qilgan, Vatan tinchligi, taraqqiyoti va porloq kelajagi uchun bosilayotgan ulkan qadamlardan biridir.
Xurshida Vahobjon qizi,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA