Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylangan yurtning ma’naviy qudrati
12:26 / 2023-12-27

Shu yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi ancha yig‘ilib turgan hayotiy muammolarni ma’naviyat va ma’rifat orqali yengishimizga bag‘ishlandi. E’tiborli jihati, yurtimizda ushbu kengash raisi Prezident hisoblanadi.

Hududlarda esa birinchi rahbarlar bu masala uchun mas’ul etib belgilangan. Chunki ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat biz uchun muhim. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga milliy qadriyatlarimiz, o‘zligimizni anglatish dolzarb masaladir.

Tadbir ishtirokchisi sifatida davlatimiz rahbarining bugungi globallashuv jarayonlarida shiddat bilan kirib kelayotgan yangi turli yot g‘oyalar haqidagi fikrlari barchani o‘ylantirishi bilan birga, jipslashib, kurashishga undadi. E’tiborli jihati, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. 

“Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti”, degan haqli e’tiroz barchamizni hushyorlikka undadi. Barcha soha vakillarini tarixan qanday bebaho, bag‘rikeng, diyonatli xalq bo‘lganimizni yana bir bor eslashga, ularni yosh avlodga yetkazishga, o‘zbek xalqining beqiyos olijanoblik xislatlarini sahnada, asarda, ma’rifiy tadbirlarda yanada jonlantirishga chorladi. 

Tassavvur qiling, bu buyuk mutafakkirlarimiz Abu Nasr Forobiy qarashlarida fozil inson, fozil shahar, fozil shahar aholisi deb qayd etilgan bo‘lsa, qomusiy olim Abu Ali Ibn Sinoda axloq va uning oiladan boshlanishi ma’rifatli davlatga yetkazishi ilgari surilgan. Abu Rayhon Beruniy qarashlarida har qanday jinoyat va jaholat ilmsizlikning oqibatida deb ilgari surilganki, ushbu g‘oyalar ma’naviy ildizlarimizning chuqur va uzoq tarixga egaligining isbotidir.

Ikkinchidan, buyuk hadisshunos olim Imom al-Buxoriy hadislaridagi insoniylik, odillik, halollik, vatanparvarlik g‘oyalarining o‘zi oliy hikmatdir. Shunday buyuk merosimiz bo‘lsayu, lekin biz undan oqilona foydalana olmasak, atrofimizda turli yot g‘oyalarni, jaholatni targ‘ib etguvchilar ko‘payishiga olib keladi. Shunday ekan, bugun ijtimoiy tarmoqlarda ham, barcha chiqishlaru maqolalarda ham, bolajonlar uchun yaratiladigan adabiyotlarda ham haqiqiy tariximizning boy qirralarini, To‘marisu Shiroqdan tortib, jadid ma’rifatparvarlarimiz yoshligi va hayotini ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. 

XIX asr oxiri XX asr boshlarida “Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy hayotida yuksak o‘rin tutgan siymolardan biri” – Mahmudxo‘ja Behbudiy buyuk millatparvar va vatanparvar sifatida o‘zbek ma’rifatparvarlarining oldingi saflarida bo‘lib, u o‘z maslakdoshlari singari millatning siyosiy ongi va tafakkurini o‘stirishning asosiy yo‘llari sifatida yangi usuldagi maktablar ochish va bu maktablar uchun darsliklar yaratish, matbuotni yo‘lga qo‘yish va shu orqali o‘zbek tilini shakllantirish, adabiy til me’yorlarini yaratishdek eng muhim ishlarga ulkan hissa qo‘shdi. Bu buyuk millatparvar orzu qilgan maktablar yangi O‘zbekistonda yaratildi: Prezident maktablari, “Temurbeklar maktabi”, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar shular jumlasidandir.

Shuningdek, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda 837 ta madaniyat markazining faoliyati juda muhim. Ularda 4 mingga yaqin to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda, 120 mingdan ortiq yoshlar shug‘ullanayotgani ham yangi qadamlarning amaliy isboti.

Ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yuz minglab o‘g‘il-qizlarimiz yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari va hatto xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarining filiallarida ta’lim olish bilan birga, xorijiy tillarni puxta o‘rgandilar va yana ham o‘rganishda davom etmoqda. Quvonarlisi, IELTS sinovidan 9 ballni qo‘lgan kiritgan yoshlarimiz bor. Yaqinda Buxoro viloyatida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yurganimda, uch farzandning otasi Qahramon Tursunov uchala farzandi ham ingliz tilidan 8 va 9 ballni qo‘lga kiritgani, davlatimiz rahbaridan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini olganini otalik quvonchi ila gapirdiki, bunday yoshlar Uchinchi Renessans eshigini ochishga shay yoshlardir. 

Shunday sharoitlardan unumli foydalanib, til bilib, dunyoni lol etayotgan, yaxshi niyat qilib chet tilini qunt bilan o‘rganayotgan bugungi avlod, albatta, istiqbolimiz va Uchinchi Renessansning haqiqiy quruvchilari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlarimizning yangi vorislaridir. 

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishini ta’kidladi. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda San’at muzeyining yangi binolari barpo etilishi, Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylari ekspozitsiyasining yangilanishi, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital ta’mirlanishi buyuk merosimizga bo‘lgan katta e’tibordir. Muzeylarimizda, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazida Birinchi va Ikkinchi Renessans, davlatchilik tarixi va buyuk allomalar faoliyati bo‘yicha yangi ekspozitsiyalar tashkil qilinishi ham bejiz emas. 

Fransiya bilan hamkorlikda Milliy restavratsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalari konservatsiya qilinishi — diniy qadriyatlarning ulug‘vorligini ta’minlaydi.

Yurtimizning ko‘hna tarixiga bag‘ishlangan 18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilishi, Samarqandda Sohibqiron Amir Temur bog‘lari qayta tiklanishi, “Buyuk ipak yo‘li” muzeyi barpo etilib, Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinishi o‘zbek davlatchiligining yangi qiyofasini yosh avlod ko‘z oldida gavdalantirishiga aminmiz. 

Prezidentimiz ma’ruzasida kino san’atiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu borada “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqilishi, unga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb etilishi aytildi. Eng e’tiborlisi, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratish zarurligi ta’kidlandi. 

Bularning barchasi yillar davomida armon bo‘lib yurgan o‘ylarimizni toptab, yangilik nuri bilan to‘ldirdi. Darhaqiqat, farzandlarimiz Shiroq va uning qahramonligi, To‘marisning vatanparvarligi, Alpomishdek jasurlik fazilatlari bilan bolalikdan qurollantirilsa, imom Buxoriyning yoshligiyu hadislarni yod olishi va sharhlashini, Ibn Sinoning bolaligiyu ilm-fanga qiziqishini o‘rganish bilan birga, ularga munosib vorislik tuyg‘usini shakllantirishi tabiiy. Yurtimizning bepoyon tog‘u dashtlari, cho‘lu biyobonlarida tarixiylik kasb etadigan joylar ko‘p. Ulardan unumli foydalanib, bolajonlarga munosib tarixiy filmlar yaratish maqsadga muvofiqdir. Bu borada kinoni iqtisodiyot bilan uyg‘un rivojlantirish maqsadida Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida “erkin iqtisodiy kinohududlar” barpo etish vazifasi qo‘yilgani diqqatga sazovordir. 

Shuningdek, 2024 yili O‘zbekistonda Xalqaro bolalar adabiyoti ko‘rgazmasi tashkil qilinishi, bu ishda faol tarjimonlar uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilishi mazmunli va sifatli bolalar adabiyotlari ko‘payishiga olib keladi. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak. Shu bois ham hududlardagi 4 ta sektorga qo‘shimcha ravishda ma’naviyat sektori tashkil etilishi ma’lum qilindi. Ma’naviy va ma’rifiy sohadagi tashabbuslar har birimizni butun ilmu shijoat ila birlashib, buyuk xalqning ma’naviy qudrati ila dunyoga olib chiqishga undaydi.

Firuza Muhitdinova,

TDYUU professori