Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlik”oromgohida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan viloyatlar va tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlari uchun o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Markazning hududiy bo‘lim va tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlarini bir joyga jamlagan tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari O. Hasanov ishtirok etdi.

Mazkur tadbir ma’naviy-ma’rifiy soha vakillarining faoliyat samaradorligini oshirish, zamonaviy targ‘ibot usullarini ishlab chiqish, ijtimoiy ahamiyati yuqori tashabbuslarni ilgari surish hamda hududlarning ilg‘or amaliyotlarini ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

“Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Ma’naviyat barcha sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, yangi kuch va yangi harakatga aylanishi kerak. Davlatimiz rahbari ta’kidlagan ushbu fikrlar seminar mazmuni va yo‘nalishiga uyg‘un bo‘lib, unda ishtirok etayotgan rahbarlar zimmasiga katta mas’uliyat yukladi.

Seminarda ma’naviy-ma’rifiy soha vakillarining kasbiy va tashkiliy samaradorligini oshirish, zamonaviy targ‘ibot vositalaridan foydalanish bo‘yicha yangi metodlarni ishlab chiqish, yoshlar ongida milliy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish, hududlarda shakllangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda yoshlarni milliy qadriyat ruhida tarbiyalashda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni va ahamiyati masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan yoshlar bilan ishlashda ijtimoiy media imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ijobiy kontent yaratish va ularni keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarni salbiy ta’sirlardan asrash, milliy qadriyat va urf-odatlarga hurmatni kuchaytirish yo‘llari bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi. O‘quv-seminari davomida ma’naviy-ma’rifiy sohaning dolzarb masalalari bo‘yicha samarali muloqot va tajriba almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ilgari surilayotgan tashabbuslar kelgusida yoshlar tarbiyasida ham, hududiy rahbarlar faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Dilorom G‘afforova,
Buxoro viloyati Shofirkon tumani
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari