Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va ustuvor vazifalar” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da keltirilgan “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etish bosh mavzuni tashkil etdi. Shundan kelib chiqib, ushbu jarayonlarning faol ishtirokchilari bo‘lgan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolarining bilim hamda malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar dasturi doirasida “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va ustuvor vazifalar”, “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari”, “Oilani mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, farzand tarbiyasida ota-onalar mas’uliyatini oshirishda targ‘ibot tadbirlarining zamonaviy usullari” singari qator yo‘nalishlarda ma’ruzalar qilindi.
Mavzuga doir targ‘ibot tadbirlarida interfaol usullardan foydalanish, zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, multimediaviy ta’sirchan jarayonlarni keng qo‘llash ish samaradorligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi. Qizg‘in bahs-munozaralar asosida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar tomonidan qator takliflar bildirildi.
Uch kunga mo‘ljallangan o‘quv-seminarning dastlabki kunida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining respublikamizning turli hududlaridagi 500 dan ortiq a’zolari, olimlar, ziyolilar, oliy ta’lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari, tuman-shahar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari onlayn tarzda ishtirok etishdi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA