Yangi yil bayrami oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi "Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Paxtaobod tumani markazida tashkil etilgan Ma’naviyat va ma’rifat maskani tumanda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tuman faollari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirokida Ma’naviyat va ma’rifat maskani ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Paxtaobod tumani hokimi Shoyadbek Boboyev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov paxtaobodliklarni yangi maskan ochilishi bilan muborakbod etdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, soha faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
[gallery-15143]
Yig‘ilish, uchrashuv va seminarlar o‘tkazishga mo‘ljallangan zal, kutubxonaga ega maskanda ma’naviyatchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan.
Tadbir doirasida tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi qoshidagi “Qaynonalar maktabi” a’zolarining yoshlar bilan uchrashuvi hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” bahsi o‘tkazildi.
Tuman madaniyat uyi san’atkorlari ijrosidagi kuy, qo‘shiq va raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari