Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Boyovut, Xovos hamda Mirzaobod tumanlari hamda Shirin, Yangiyer va Guliston shaharlarida zamonaviy Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari tashkil etildi. Guliston tumanida ham Ma’naviyat va ma’rifat maskani foydalanishga topshirildi.
Maskanning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev, nuroniylar, yoshlar, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar mazkur maskan ijodkor yoshlar uchun muloqot maydoni bo‘lishi, undagi qulaylik va imkoniyatlar ma’naviy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
– Ma’naviyatli bo‘lish insonga xos fazilat. Demak, insonlarni, ayniqsa, Yangi O‘zbekiston yoshlari yuksak ma’naviyatli, yuksak bilimli, yuksak didli, yuksak aqlli, bilimli, yetuk mutaxassis bo‘lishi zarur, – dedi viloyat hokimi. – O‘z navbatida ushbu maskan ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
[gallery-12106]
Barcha sharoitlar yaratilgan binoda ijodkor va kitobxonlar uchun kutubxona, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi uchun xizmat xonalari mavjud.
Shuningdek, binoning yo‘laklarida ibratli so‘zlar tushirilgan bannerlar, yurtimizning allomalari, shoir va yozuvchilar faoliyati haqida ma’lumot beruvchi kompozitsiya joylashtirilgan.
Sh.Suyarov,
Sh. Ortiqboyev (surat), O‘zA