Farg‘ona davlat universitetida Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rahbariyati, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlar va Vatanga muhabbatni qaror toptirishga qaratilgan ishlar yuzasidan atroflicha hisobot tinglandi.
Shuningdek, talabalar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish, ta’lim jarayonida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning dunyoqarashini boyitish va ularni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish masalalari tanqidiy muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ayrim kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifa va amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ta’kidlanishicha, universitetda ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, turli ijodiy va ma’rifiy to‘garaklar faoliyatini kuchaytirish bu yilgi ish dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Tadbir yakunida Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda fakultet rahbarlariga yoshlar bilan tizimli ishlash, har bir talabaning qalbiga yetib borish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA