Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisida ta’kidlaganidek, keyingi paytlarda dunyoda geosiyosiy vaziyat nihoyatda murakkablashib, ziddiyatli jarayonlar keskinlashib bormoqda. Turli siyosiy “o‘yinlar” jiddiy tus olib, kutilmagan holatlar yuz bermoqda, manfaatlar to‘qnashmoqda.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari hamisha jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Bugun ham shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at ahli, jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar yurtimizga, xalqimizga, millatimizga yot g‘oyalar, turli bo‘htonlar, noxolis fikrlarga qarshi elu yurtimiz manfaatidan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida xalqchil munosabatlarini bildirishlari ularning burchi hisoblanadi.
XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimiz haqida so‘z yuritgan Prezidentimiz Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Shahidlar xotirasi” jamg‘armasi hamda jamoatchilik vakillarining “Jadid” nomli yangi gazeta va uning elektron versiyasini tashkil etish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Albatta, ushbu nashr jurnalistlarimiz uchun yana bir o‘ziga xos yangi ijod maydoniga aylanishiga shubha yo‘q.
Majlisda ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat biz uchun ustuvor masala ekani aytib o‘tildi. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, ma’naviyat, birinchi navbatda, yaxshi tarbiya, yaxshi xulq, bilim demakdir. Halollik va poklik, insoniy fazilatlar demakdir. Ha, hayotda shunday insonlar ham uchraydi, ya’ni bolalarining ta’lim-tarbiyasi, yaxshi bilimli va xulqli bo‘lmasligiga faqatgina maktabni, ta’lim muassasalarini aybdor deb biladilar.
To‘g‘ri, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasida ilm dargohlari yo‘lchi yulduz vazifasini o‘tashi kerak. Lekin uydachi, ota-ona burchi, vazifasi nimadan iborat unda? Axir, xalqimiz bejiz: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deb aytmaydi.
Shunday ekan, ma’naviyat masalasiga barcha mas’ul bo‘lmog‘i lozim. Darhaqiqat, hech qachon va hech qaysi zamonda komil inson tarbiyasi masalasi qaysidir bir tashkilot yoki muassasaninggina ishi deb qaralmagan.
Yaxshi bilamiz, xalqimiz azal-azaldan bir bolaga yetti mahalla ota-ona degan naqlga amal qilgan. Afsuski, bugun ko‘pchilik noraso holatni, hatto qo‘shnisining bolasi biror nojo‘ya ish qilayotganini ko‘rsa: “Menga nima, nima qilaman aralashib?» deyishgacha bormoqda. Eng yomoni, ayrim bolalarning kattalarni behurmat qilish holatlari uchrayapti.
Yig‘ilishda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish alohida ta’kidlab o‘tildi.
Davlatimiz rahbari kitobxonlik madaniyatini oshirish, olimlarni adiblar va noshirlar bilan hamkorlikda bolalar uchun qiziqarli va sermazmun kitoblar yaratishga chaqirdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi yakuniga yetayotgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun tanlovda “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxs¬¬ni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bilan ishtirok etib g‘olib bo‘ldi. Bir milliard 300 million so‘mlik mazkur loyiha 2023 yil dekabr oyidan boshlab 2024 yil oxirigacha amalga oshiriladi.
Ushbu loyiha doirasida bolalar va o‘smirlar uchun 10 nomdagi (bolalar yosh toifasiga qarab) kitoblar nashr etiladi, ularning elektron variantlari yaratiladi. Shuningdek, ayni kunda ishlab chiqilayotgan reja asosida Qoraqalpog‘iston Res¬publikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tuman va shaharlarida, boshqacha aytganda, 200dan ortiq manzilda “Kitobsevar millat” shiori ostida ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchi-yoshlar orasida kitobxonlik darajasi oshishiga hissa qo‘shish, ularni o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.
Loyihada elektron ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaralarini xolis, haqqoniy yoritib kelayotgan jurnalist va blogerlarni ham rag‘batlantirib borish, ular o‘rtasida tanlov o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Ma’naviyat, kitobxonlik, o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim-tarbiyasi haqida so‘z borganda aytish joiz, ko‘pchiligimiz yoshlarning zamonaviy texnologiyalardan, xususan, telefon va internetdan haddan oshiq ko‘p foydalanishi, turli saytlarga kirishi natijasida ularning tarbiyasi buzilayotgani, turli yot g‘oya¬lar ta’siriga tushib qolishi mumkinligi haqida ko‘p gapiramiz. Ammo bunga qarshi samarali ish olib bormayotganimizni tan olgimiz kelmaydi. Aksariyatimiz: “Men bolamni to‘g‘ri tarbiyalayapman, doimiy nazorat qilayapman”, deb o‘ylaymiz. Ammo hamisha ham, hammada ham unday emasligini ko‘nglimiz sezgandek bo‘lsada, har doim ham farzandimiz uchun vaqt ajratmaymiz, yetarlicha mehr bermaymiz, to‘g‘risini aytganda, uni uzluksiz nazorat qilishga erinamiz. Ehtiyojimiz katta. Unga yetish uchun tinim bilmaymiz. Orzu-havas, deb eng muhim bo‘lgan farzand tarbiyasiga bilib-bilmay e’tibor qaratmaymiz.
Vaholanki, hozir ota-ona o‘z telefoni orqali farzandining qaysi saytlarga kirayotgani, qayerda yurganini bilsa bo‘ladigan, uning yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan ijtimoiy tarmoqlarga taqiq qo‘yadigan maxsus dasturlar chiqqan. Buni ko‘pchilik biladi, foydalanmoqda ham. Qisqasi, izlagan imkon topadi. Faqat hafsala bo‘lishi kerak. Beparvolik va loqaydlik eng katta xavfdir.
Bir yig‘ilishda Davlatimiz rahbari ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda ommaviy axborot vositalari katta kuch ekaniga alohida e’tibor qaratgan edi. Hozirgi kunda mamlakatimiz media sohasida olti ming nafarga yaqin ijodiy xodim faoliyat olib bormoqda. Bu shubhasiz, katta kuch. Har bir jurnalist, o‘z navbatida, ma’naviyat targ‘ibotchisi hamdir. Faqat ma’naviyat targ‘ibotchisining, eng avvalo, ma’naviyati yuksak bo‘lishi kerak.
Kezi kelganda ta’kidlash lozim, ayni kunda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshida ma’naviy-ma’rifiy kengash tashkil etishni, har bir ustoz¬¬ga besh nafardan yosh jurnalistlarni biriktirish orqali “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirishni rejalashtiryapmiz. Uyushmamiz “Ma’naviyat xonasi”da tashkil etilgan kutubxonani adabiyotlar bilan yanada boyitib borish niyatidamiz. Uzoq yillik tarixga ega Uyushma muzeyini ochishni ham rejalashtirganmiz.
Yakunlanib borayotgan joriy yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan dastur ijrosi doirasida O‘zbekistonda milliy jurnalistikaning rivojlanishi bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining I milliy ma’ruzasi tayyorlanib, uch tilda e’lon qilindi, risola holida nashr qilindi. Shuningdek, har yili bir marta chiqariladigan “Oltin qalam” jurnali chop etildi. “O‘zbekiston jurnalistlari”, “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitoblarini nashrga tayyorlash ishlari yakuniga yetkazildi. 2024 yilning birinchi choragida ushbu kitob¬lar nashr etiladi.
Albatta, bugun bitta noxolis axborot jamiyatga qanchalik ma’naviy zarar yetkazishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Ana shunday holatlarni nazarda tutgan holda, noxolis xabar tarqatish, sohamizga doir qonun, farmon va qarorlar, shuning¬dek, O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qoidalari buzilishining oldini olish, so‘z va matbuot erkinligidan to‘g‘ri foydalanishga qaratilgan faoliyatimizni jonlantirish bo‘yicha reja tayyorlanyapti.
Ayni paytda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini keng yoritishga ko‘maklashish, ushbu yo‘nalish bo‘yicha samarali ijod qilayotgan jurnalistlarni, OAV vakillarini rag‘batlantirish, ularga taklif va tavsiyalar berish, faoliyatini tahlil qilish, o‘zaro hamkorlikda media turlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida RespublikaMa’naviyat va ma’rifat markazi hamda Madaniyat vazirligi mas’ullari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Shubhasiz, ma’naviyat masalasiga barchamiz birdek mas’ulmiz. Bu masala xalq va millatning jonkuyarlari bo‘lmish barcha ziyolilar, jurnalistlar uchun yanada muhim. Qolaversa, bu boradagi ishlar ijod ahlining shu yurt farzandi sifatida vazifasi hamdir. Shunday ekan, mazkur yo‘nalish bo‘yicha ham faol bo‘lish har bir ijodkor, jumladan, har bir jurnalist, qolaversa, uyushmamiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, ma’naviy hayotimizda yangi islohotlar davri boshlanmoqda.
Xolmurod Salimov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.