Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviyat masalasida hech kimning loqayd va befarq bo‘lishga haqqi yo‘q
12:59 / 2021-06-10

bugungi globallashuv davrida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga chiqdi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 martda qabul qilingan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori mazkur yo‘nalishda ustuvor vazifalarni belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Yaqinda Respublika ishchi guruhi tomonidan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy o‘rganildi, aniqlangan kamchilik va muammolarni hal etish choralari belgilandi.

Xo‘sh, Farg‘ona viloyatida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Viloyatda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida jamiyatda uzluksiz ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va tashviqot ishlarini tashkil etishning 7 ta asosiy yo‘nalishlarini belgilab olgan holda ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublar orqali targ‘ibot ishlari olib borilmoqda, –deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Xursanoy Islomova. – Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga 50 nafar sohaning yetuk mutaxassislari, olimlar, ijodkor ziyolilar, viloyatdagi mavjud boshqarma, korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari, shahar va tuman hokimlari kiritilib, tarkibi qayta tasdiqlandi. Har bir umumta’lim muassasasida ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etildi.  

12 ta shahar va tuman markazlarida Qo‘shtepa tumani misolida “Ma’naviyat va ma’rifat maskan”lari barpo etilishi rejalashtirilgan. 65 ta boshqarma va tashkilotlar hamda hududiy bo‘linmalar tomonidan ma’naviy-ma’rifiy sohadagi faoliyatni muvofiqlashtirishga qaratilgan ikki tomonlama “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanmoqda. Viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlarini tuman, shahar Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘linmalari rahbarlarining tavsiyasiga asosan lavozimga tayinlash bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan kelishuv yo‘lga qo‘yildi. Mazkur kelishuv natijasida shu kunga qadar 39 ta maktablarning direktor o‘rinbosari lavozimlariga nomzod kadrlar tavsiya etildi.  

Shahar va tumanlar o‘rtasida “Eng namunali tuman” ko‘rik-tanlovida ishtirok etish uchun Farg‘ona viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda Buvayda tumani tanlab olindi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga tavsiya etilgan. Har haftaning juma kunlari barcha boshqarma, idora va korxonalarda “Ma’rifat soatlari”ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Mahallalarda “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida har bir mahalladan 5 nafardan ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlarni 1 nafar nuroniyga biriktirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Buning natijasida 1041 nafar nuroniy 5 ming 205 nafar yoshlarga biriktirildi. Bundan tashqari, “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida 1 ming 41 ta mahallaga viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, yozuvchi, shoir, taniqli san’atkor va ziyolilarni biriktirib, ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot ishlarini “mahallabay” tarzda tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhim vazifalardan sanaladi. O‘tgan davr mobaynida mingdan ortiq kitob ko‘rgazmalari tashkil etildi, bundan tashqari 166 ta turli tanlovlar o‘tkazildi. Mahalla fuqarolar yig‘inlarida yangi tashkil etilgan kutubxonalar, harbiy qismlar, IIB, Mehribonlik uylari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablarining kitob fondini boyitish maqsadida Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan 12 mingdan ziyod kitoblar bepul tarqatildi. Shuningdek, kam ta’minlangan, serfarzand oilalar xonadonlarida kitob javonlari yangi adabiyotlar bilan to‘ldirildi. 210 ta “Mahalla kutubxonalari” tashkil etilib, qishloq aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini tashkil etish maqsadida 126 ta ko‘chma kutubxonalar faoliyat olib bormoqda.

Hududlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida turli targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.  

Afsuski, ayrim tashkilotlar va boshqarmalar ma’naviyat masalasiga befarqlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, uning yangi tizimini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qog‘ozda aks etgan xolos. Amaliy ishlardan darak yo‘q. Tuman va shahar Ma’naviyat va Ma’rifat kengashlari yig‘ilishlarida ko‘rilayotgan va muhokama etilayotgan masalalar chuqur tahlil etilmagan hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.

Prezidentimiz shu yilning 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bu borada aniq vazifalarni belgilab berdi. Shunday ekan, ma’naviyat masalasida hech kimning loqayd va befarq bo‘lishga haqqi yo‘q.  

 

M. Sulaymonov, O‘zA