Buxoro viloyati Shofirkon tumanida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, tumandagi IIB ning shaxsiy tarkibi hamda tuman hokimligi hamkorligida "Ma’naviyat marshruti" tashrifi loyihasi o‘tkazildi. Tadbirda oila a’zolari va farzandlari bilan ishtirok etgan IIB xodimlari Mohitobon ziyoratgohiga sayohat qilishdi.

– Tarixiy obidalar va qadriyatlarimizni qadrlash hamda ularni asrab-avaylash har birimizning burchimizdir, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Dilorom G‘afforova. – Shu bilan birga Mohitobon ziyoratgohida joylashgan Shofirkon tarixi va madaniyati muzeyiga ham sayohat uyushtirildi. Muzeyda tuman hayoti va o‘tmishini aks ettiruvchi 2 mingga yaqin eksponatlar xususida soha xodimlariga batafsil ma’lumot berildi.

Albatta, “Vatanparvarlik oyligi” munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmalari va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar armiya va xalq yakdilligini mustahkamlashda hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, shijoat va mardlik tuyg‘ularini uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Vatanparvarlik oyligiga bag‘ishlangan tadbirlar qizg‘in davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA