Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviyat, ma’rifat va ijod kesishgan nuqtada ziyo paydo bo‘ladi
11:32 / 2021-01-28

Ilm-fanga intilish, o‘z oromidan voz kechib, yangilik yaratishga o‘zida kuch topa bilish uchun esa ma’naviy yetuklik talab etiladi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”.

    Darhaqiqat, ma’naviyat, degan qudratli kuchning mohiyatini, negizini yurakdan o‘tkazib mulohaza qilib ko‘rsak, Prezident jon kuydirib aytgan ushbu so‘zlar qanday chuqur ma’nolarga ega ekani oydinlashadi.

    Chunki milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydiganlar ham yo‘q emas.  

    Davlat rahbari nutqini tinglar ekanman, o‘z-o‘zimga “Qani, men ma’naviyatni qanday tasavvur qilaman? Haqiqiy ma’naviyat namunasiga o‘z hayotimda qachon duch kelganman?”, deb savol berib ko‘rdim va unga muayyan javoblar topdim.

    Yoshligim qishloqda kechdi. Tog‘ yonbag‘ridagi kichkina yerimizda ikkinchi ekin sifatida kartoshkadan so‘ng makkajo‘xori ekardik. Ba’zi yillari kuzatilgan qurg‘oqchilik tufayli ekinlarni sug‘orishda suv rosa talash bo‘lardi. Bir kuni jo‘xori rosa suvsirab, barglari qurishga o‘tibdi. Buni ko‘rib, dahanaga, ya’ni suv boshiga borsam, devday kishilar suv janjali bilan ovora ekan. Odamlar orasida nima qilishimni bilmay tursam, soch-soqoli oppoq bir kishi “Bugun suv navbati meniki”, deb o‘zanni o‘ziga burib oldi. O‘shanda bola yoshim bilan u kishiga “Iya, nega bunday qilasiz? Axir, bizning ekinlar suv ichmasa halok bo‘ladi-ku?”, deganim yodimda. Mushtday boladan bunday so‘z chiqqaniga hayron bo‘lgan oqsoqol “Shoshmang, o‘g‘lim, kimning bolasisiz?”, deb so‘radi. Javobimni eshitib, bobomni eslab “Siz mening ustozimning nabirasi ekansiz-ku!”, deb bir ariq suvni men tomonga ochib yuborgandi. Bobomning haqqiga duolar qilib, men bilan yerimizgacha kelib sug‘orishimga yordam bergandi.  

    O‘sha mahalda oqsoqolni shunchaki bir yaxshi odam ekan, deb o‘ylaganman, endilikda ushbu inson va uning ezgu ishida milliy ma’naviyatimizning hayotbaxsh nasimidan nafas olganimni anglayman. Ya’ni, oqsoqol ustozining haqqi-hurmati uchun o‘z manfaatidan voz kechib, garchi ekinlari qurib ketayotgan bo‘lsa ham uning avlodiga ko‘mak bergan ekan. To‘g‘risi, o‘sha kuni bo‘yim bir qarich o‘sgandek his qilganman o‘zimni, ichimda bobomni yanada ulug‘laganman, u kishiga munosib bo‘lishga beixtiyor harakat qila boshlaganman. O‘z ustoziga hurmat ko‘rsatish, hatto uning avlodlarini-da ardoqlash xalqimiz ma’naviyatining bir uchqunidir. Qarang, ma’naviyatimizning betimsol qudratini!

    Xalq hayotida bunday misollar istagancha topilishi kishini juda quvontiradi. Kuni kecha Buxoro davlat universitetida tashkil qilingan uchrashuvimizda davlatimiz rahbarining ma’ruzasi yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi. Ma’naviyat haqida so‘z borar ekan, kimdir yangi bog‘cha va maktablar qurish haqida so‘zladi, yana kimdir kiyinish an’analarimizga rioya qilishni gapirdi.  

    Ziyoli insonlardan birining quyidagi hikoyasi ham nihoyatda hikmatli: “Bir paytlar uy oladigan bo‘lib qoldim. Olinadigan uy topildi, egasi bilan narxini kelishib, uch-to‘rt kun ichida pulini berishga ahdlashdik. Aytilgan vaqtda pulni olib, sotuvchining yoniga borsam, boshqa bir xaridor kelib, gaplashib turgan ekan. Ikkinchi xaridor sotuvchiga biz kelishgan narxdan ko‘ra ancha ko‘p pul taklif qilibdi. Sotuvchi “Ukajon, er kishimiz, lafzimizni shamolga sovurmaymiz”, deb uning taklifiga ko‘nmay, uyini menga o‘sha arzon bahoga sotdi. Bunday mard kishining tutumi menga bir umrlik saboq bo‘ldi...”

    Har birimizning hayotimizda insonni shakllantiradigan, uning ruhini ko‘taradigan bunday misollar ko‘plab topiladi, muhimi ularni anglab yetishimiz kerak. Ma’naviyatimizning beqiyos kuch-qudratini yoshlarga tushuntirishda bu kabi misollarning o‘rni bo‘lakcha.

    Davlatimiz rahbari ma’ruzalarida shon-sharafli tariximiz, ulug‘ mutafakkir ajdodlarimiz va jadid bobolarimizning o‘rnak bo‘larli hayotidan qayta-qayta misollar keltirishining sabablari ham bejiz emas. Jumladan, Oliy Majlisga Murojaatnomasida hazrat Alisher Navoiy bobomizning “Quyoshliq istasang kasbi kamol et”, degan misralarini yodga oldi.

    Anglashiladiki, ma’naviy yetuk shaxs – aynan o‘z kasbini va shaxsiyatini kamolga yetkazgan kishi bo‘lib, unday insonlarni hazrat Navoiy quyoshga tenglashtirganlar.

    Birinchi va ikkinchi Renessans davri mutafakkirlarining dunyo taraqqiyotini o‘zgartirib yuborgan kashfiyotlari negizida ham Prezident e’tibor qaratgan yuksak ma’naviyat turibdi, albatta. Bu – nafaqat ma’rifat va ma’naviyat muassasalariga, balki barcha sohalarga birday zarur bo‘lgan juda muhim fazilatdir.

    Davlatimiz rahbarining so‘zlaridan ma’naviyat – kishini qahramonliklarga, fidokorlikka yetaklaydigan, insonni kamolotga yetkazuvchi, yuksaltiruvchi ulug‘ qudrat ekani yaqqol ayon bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan qarasak, ikki mustahkam tayanch – kuchli iqtisodiyot ko‘magida barq uradigan kuchli ma’naviyat yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni Prezident belgilab bergan “Milliy tiklanishdan milliy yuksalishga” g‘oyasi atrofida to‘laqonli jipslashtirishiga, yangi va ezgu marralar sari ilhomlantirishiga shubha yo‘q.  

    Yurtboshimiz tomonidan bu borada amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan yangi maqsad va marralar belgilab berildi va u maqsadlarga erishishning konstruktiv yechimlari taqdim qilindi.

Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy tadqiqotlarni kuchaytirish va bu yo‘nalishga alohida davlat grantlarini ajratish vazifasi vazirligimiz zimmasiga yuklandi. Bu ishlar, albatta, amalga oshiriladi va bunga barcha imkoniyatlar bor.

O‘tgan vaqt mobaynida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishida bajarilishi 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan jami 11,8 milliard so‘mlik 21 loyiha moliyalashtirilgan. 2017-2020 yillarda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida yillik moliyalashtirish hajmi 8,2 milliard so‘mlik 50 ilmiy loyiha amalga oshirilgan.  

    Andijon davlat universiteti tomonidan tayyorlangan “Cho‘lpon hayoti va ijodiy merosi manbalarining elektron platformasi va mobil ilovasini yaratish” hamda “Tarjimashunoslik va lug‘atshunoslik innovatsiya markazini tashkil etish asosida lug‘at va matn tarjimoni intellektual platformasini yaratish” mavzularidagi loyihalar shular jumlasidandir.

    Shuningdek, O‘zbekistonning eng qadimgi davridan hozirgacha bo‘lgan tarixi yoritilgan “O‘zbekiston tarixi” nashri tayyorlandi va chop etildi. O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risidagi kitob-albom tayyorlandi. O‘zbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reyestri yaratilib, nodir qo‘lyozma asarlarning faksimilesi nashr etildi. Buyuk ajdodlarimizning ma’naviy-ma’rifiy merosini targ‘ib etishga bag‘ishlangan ko‘p tilli tarqatma va ko‘rgazmali materiallar hamda kitob-albom nashrga tayyorlandi.

     Vazirligimiz tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida targ‘ibot ishlarini rivojlantirish, zamonaviy multimedia mahsulotlarini tayyorlash uchun “Zamonaviy media targ‘ibotni rivojlantirish mexanizmi” asosida “Ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy multimedia studiyasi”ni tashkil etish” nomli maqsadli loyihaga grant mablag‘lari ajratilgan.  

    Mazkur studiyada yaratilgan videorolik, ko‘rsatuv va eshittirishlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishga qaratilgan.  

    Xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash, aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash uchun targ‘ibot ishlarini keng ko‘lamda olib borish o‘ta muhimdir.

Prezidentimiz ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligini aytib o‘tdi. Shuningdek, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.  

    Endilikda “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchi va taniqli ziyolilar biriktiriladi.

    Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi va Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” majmuasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarix va ajdodlarimiz qahramonligini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markazga aylantirish taklifi bildirildi.

    Mamlakatimizning ilm-fan va innovatsiyalar sohasi bu borada ilg‘or o‘rinlardan birini egallaydi. Chunki, bu sohadagi kashfiyotlar, Prezident ta’kidlaganidek, kuchli ma’naviy qudrat negizida ro‘yobga chiqadi. Ilm yutuq va kashfiyotlari Vatan ma’naviyatining ajralmas bir bo‘lagi bo‘lsa, uning yaratuvchilari – xalq va Vatan xizmatiga bel bog‘lagan sadoqatli, yuksak ma’naviyatli olimlar hisoblanadi.  

    Shu o‘rinda yoshlarimiz uchun olimlar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar bilan davra suhbatlari tashkil etish, ularning suhbatini olish, tajribasini o‘rganish, ular yetgan marralardan yuksakroq muvaffaqiyatlarga erishish uchun zarur ma’naviy quvvatdan bahramand bo‘lish lozim, degan fikrda qat’iymiz.

    Ma’naviyat, ma’rifat va ijod kesishgan nuqtada ziyo paydo bo‘ladi. Ilm-fanga intilish, o‘z oromidan voz kechib, yangilik yaratishga o‘zida kuch topa bilish uchun esa ma’naviy yetuklik talab etiladi.  

Shunday ekan, buyuk ajdodlarimiz merosi va tajribasi oldimizda turgan ulkan marralarni egallashga ko‘mak beradi. bugungi kunda ilm-fanning qaysidir bir sohasida ulkan cho‘qqilarni egallashi bu katta kuchga ega bo‘lishdir.  

    Inson o‘lg‘aygani sayin uning dunyoqarashi, o‘y-hayollari, orzu umidlari, niyatlari, muxtasar aytganda, ma’naviyati ham o‘sishi zarur. Ma’nan yetuk inson o‘z yutuqlari mevasini o‘z yurti va vatandoshlariga ilinadi, shogirdlar o‘stiradi, ijodi va tadqiqotlari natijalarini xalqi bilan baham ko‘radi.  

Ibrohim ABDURAHMONOV,

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik.

O‘zA