Poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun" bosh g‘oyasi asosida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!" shiori ostida o‘tkaziladigan “Ma’naviyat marafoni”ga start berildi.
Mazkur yirik ma’rifiy loyiha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan bir qator vazirliklar, tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Dunyoning turli mintaqalarida avj olayotgan to‘qnashuvlarga voqea-hodisalarning ayanchli oqibatlarini anglab yetmayotgan yoshlarning jalb etilayotgani, kelajak egalari bo‘lgan farzandlar boshi berk ko‘chaga kirib qolayotgani, turli mafkuraviy tahdidlar orqali kurashga chorlayotgan virtual maydonlar tobora kengayib borayotgani ayni internet zamonida yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi sho‘ba mudiri Abduxalil Mavrulov, “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar bo‘limi raisi, senator Rustam Kalonov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mazkur ijodiy loyihadan ham yoshlar o‘rtasida milliy yuksalishga chorlovchi milliy g‘ururni shakllantirish, vatanparvarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish, milliy urf-odatlarimiz, an’ana va qadriyatlarimizni ularning ongiga singdirish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish, hayotiy tajriba va ko‘nikmalari yuqori bo‘lgan keksa-nuroniylarimizni kelgusi avlod tarbiyasiga keng jalb qilishdek maqsadlar ko‘zlangan.
Mazkur marafon Uchinchi Renessans poydevorini qurishga mas’ul yoshlarimizga ma’rifatli jamiyat qurishda yanada faol bo‘lishlari baralla chorlov bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
“Ma’naviyat marafoni” doirasida viloyatlar kesimida turli tadbirlar, ijodiy bellashuvlar, tanlovlar, musobaqalar, milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, xalq o‘yinlari o‘tkaziladi.
Ushbu loyiha mamlakatimizda yoshlar tarbiyasi, bilim olishi, ma’naviyati davlatimizning doimiy e’tiborida ekanining yana bir amaliy tasdig‘idir.
N.Usmonova, O‘zA