Toshkent Fotosuratlar uyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi «Ma’rifat» targ‘ibotchilari jamiyati tomonidan “Ma’naviyat festivali” oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov sohada olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi:
– Xalq va mamlakatni ulug‘lovchi, uning yangi davrini tarix zarvaraqlariga muhrlovchi qadriyat– bu o‘sha xalqning ma’naviyati va ma’rifatidir. Bugun bu qadriyat tinch-totuvlikda, ahillik va birdamlikda, iqtisodiy barqarorlik va halollikda, ta’lim va tarbiyada yaqqol namoyon bo‘layotir. Demak, bugungi kunda uchinchi Renessans o‘zbek xalqining buyuk ma’naviyati va ma’rifatida, deya baralla aytishimiz mumkin.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati yurtboshimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida an’anaviy «Ma’naviyat festivali»ni o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi.
O‘tgan yillar davomida festival doirasida o‘ndan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Shu vaqt oralig‘ida 256 nafardan ortiq targ‘ibotchi jalb etilgan holda, 47 tumanda 54 ta tadbir o‘tkazildi va jami 23 900 nafar aholi qamrab olindi. Shuningdek, 1850 nusxada badiiy, ma’rifiy asarlar taqdim etildi.
Joriy yilda ham milliylik va zamonaviylik mujassam bo‘lgan «Ma’naviyat festivali»ni o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Festivalni mamlakatimizning barcha ma’muriy hududlarida reja asosida o‘tkazish belgilangan. Shunga asosan Respublika ishchi guruhi tomonidan barcha hududlarda «Ma’naviyat festivali»ga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilgi festival doirasida o‘ndan ortiq: «Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans sari!», «Ma’rifat ulashib...», «Yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi», «Mening farzandim – O‘zbekiston faxri», «Faol fuqaro», «Ma’rifat tur», «Maqom kechalari», “Baxtli bolalik” kabi loyihalarni hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.
–Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirishda kino san’atining o‘rni ham beqiyos, albatta.
Mazkur loyihada «Mahmudxo‘ja Behbudiy», «Ishoqxon Ibrat», «Ota uy», «Elparvar», «Berlin – Oqqo‘rg‘on», «Issiq non» kabi 20 ga yaqin vatanparvarlik, yoshlar ongida milliy ruh va milliy g‘ururni shakllantirish, ajdodlarga munosib avlod bo‘lish, ilm olish zarurati bilan bog‘liq mushohada qilishga chorlaydigan kinofilmlar namoyish etilmoqda, – deydi Kinematografiya agentligi bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev.

Anjuman davomida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Yoshlarni har tomonlama zukko, bilimli, jamiyat hayotida faol etib tarbiyalash, ularda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida «Faol fuqaro» debat klubi seminar treninglari bo‘lib o‘tadi.
Seminar-trening mamlakatimizda o‘sib, voyaga yetayotgan yosh avlodni har tomonlama mukammal va mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan yoshlar sifatida tarbiyalash, ularda tizimli tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobiliyatini rivojlantirish hamda o‘quvchi-talabalarda vatanparvarlik va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularga o‘rtaga qo‘yilgan muammoga xolis yondasha olish, o‘z fikrlarini asoslash va aniq bayon qilish, malakalarini shakllantirishda ko‘mak berish hamda to‘g‘ri yo‘naltirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Hududlarda «mahallabay» tarzda tarbiyasi og‘ir, uyushmagan, ma’naviy ko‘makka muhtoj yoshlarni qamrab olgan holda «Bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy» tamoyili asosida seminar-treninglar, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda yoshlarga ko‘maklashish maqsadida «Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy» tamoyili asosida davra suhbatlari tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA