Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ma’naviyat festivali” yuqori saviyada o‘tadi
18:49 / 2022-04-25

Poytaxtimizda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston ma’rifatli jamiyat” shiori ostida “Ma’naviyat festivali”ni o‘tkazish yuzasidan respublika ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov so‘nggi yillarda milliy ma’naviyatimizni rivojlantirish, O‘zbekistonda yangi ma’naviy makonni yaratish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2019 yil 3 maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, 2021 yil 19 yanvar kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishi, 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Ma’naviyat festivali”ni o‘tkazish keng yo‘lga qo‘yildi.

2021 yil davomida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda “Ma’naviyat festivali” yuqori saviyada o‘tkazildi. Festival doirasida “Maqom kechasi” nomli konsert dasturida 10 mingdan ortiq aholi qamrab olindi. Shuningdek, yurtimizda ijtimoiy ko‘makka muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila vakillarini “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida hududlardagi diqqatga sazovor joylar, qadamjolar va ziyoratgohlarga tashrifi amalga oshirildi.

Farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!” shiori ostida o‘tkazilgan ma’rifiy loyihada 50 nafarga yaqin yosh iqtidor egalari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

[gallery-6802]

Hunarmandchilik ko‘rgazmalari, yoshlar tarbiyasida milliy va tarixiy kinolar namoyishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Samarqand shahri Registon maydonida “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans sari!”, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida “Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga munosib poydevor yaratilmoqda” nomli respublika ilmiy konferensiyalari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi tegishli farmoni bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, ma’naviy-ma’rifiy sohada tayyorlanayotgan materiallarni aholiga zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tezkor va sifatli yetkazishni ta’minlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarining sifat va samaradorligini oshirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda “Ma’naviyat festivali”ni yuqori saviyada o‘tkazish belgilandi.

Zoom ish tartibida tashkil etilgan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida hamkor vazirlik va idora vakillari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyat a’zolari, ma’naviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari vakillari mazkur festivalni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar festival doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilganini ta’kidladi. Ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 nafar “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyat a’zolarini jalb etish, bu orqali 3 million nafarga yaqin aholini qamrab olish rejalashtirilgan.

Xususan, festival doirasida “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusida konferensiya, “O‘zbekiston qahramonlari” va “Ma’naviyat asosiy tushunchalar lug‘ati” nomli kitoblar taqdimoti, “Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!”, “Ziyolilar forumi”, “Inson qadri”, “Mehr-muruvvat va saxovat uchun”, “Ma’rifat soati”, “Ma’rifatli oila – ma’naviyat tayanchi”, “Teatr haftaligi” loyihalari, “Ma’rifat ulashib” aksiyasi, “Yangi uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” nomli kitob ko‘rgazmalari, “Faol fuqaro” munozara klubi, “Ma’rifat Ziyo” platformasi taqdimoti, “Ma’naviyat kubogi” sport musobaqasi va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
 

Bolalarning ma’naviy dunyosini boyitish, odob-axloq qoidalariga amal qilishni o‘rgatishga oid “Zukko Bolajon!” nomli fotoalbom hududlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida keng targ‘ib etiladi.

Ishchi guruh yig‘ilishida festivalni tashkil etish va o‘tkazishga oid amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tildi. Ishtirokchilar festivalda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi, ayniqsa yoshlar ma’naviy olamini boyitish hamda farzandlarimiz qalbiga ma’rifat ulashish, islohotlarga daxldorlik hissida kamol topishida katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

N.Usmonova, O‘zA