French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviy yuksaklikka yetaklovchi maskan
13:21 / 2021-05-21

Xalqimiz azal-azaldan kitobni qadrlagan, uni avaylab asragan.

Chunki kitob aqlni charxlaydigan, insonni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan bebaho vositalardan biri hisoblanadi.

bugungi kunda aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Prezidentimizning 2019 yil 7 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori esa bu borada olib borilayotgan ishlarning yanada jonlanishiga xizmat qilayapti.

Ayni paytda Navoiy viloyatida 431 ta, jumladan, bitta Axborot-kutubxona markazi, shahar va tumanlarda 9 ta Axborot-kutubxona markazi, oliy ta’lim muassasalari tasarrufida 2 ta, XTB tasarrufida 359 ta, Madaniyat boshqarmasi tasarrufida 16 ta, kasbiy ta’lim tizimida 25 ta, NKMK tizimida 11 ta, “Navoiyazot” AJda 2 ta va 6 ta Ko‘zi ojizlar kutubxonasi aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

– Abdulla Qodiriy nomidagi axborot kutubxona markazining umumiy kitob jamg‘armasi 165 738 nusxani tashkil etib, kitobxonlar soni qariyb 14 ming nafarga yetdi, – deydi markaz direktori Ramazon Rajabov. – Markazimizda kitobxonlar soni va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida birgina joriy yilning 3 oyi mobaynida 2 ta kitobxonlar anjumani, bitta Respublika kitoblar bayrami, 22 ta adabiy-badiiy kecha, 18 ta turli tanlovlar va bilimdonlar bellashuvi tashkil etildi. Shuningdek, “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etildi. Haftalik doirasida taqdimotlar, muloqotlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, mahallalarga maxsus bibliobuslar vositasida kitob taqdim etish tadbirlari va boshqa ko‘plab qiziqarli loyihalar o‘tkazildi.

Kitob inson qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, odamlarda mehr-oqibat tuyg‘ularini kamol toptirishda muhim o‘ringa ega. Zero, kitob o‘qigan kishining ma’naviyati yuksalib, dunyoqarashi kengayib boraveradi. Viloyatdagi barcha axborot-resurs markazlarida kitobxonlar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda.

– Men har kuni yoki kunora ushbu ma’naviyat maskaniga kelib turaman, – deydi kitobxonlardan biri Abror Akbarov. – Kitobning insonning ongu tafakkurini, ma’naviy olamini boyitishdagi rolini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. bugungi yoshlarimiz orasida kitobga qiziqish tobora kuchayib bormoqda. Buni kutubxonaga kelayotgan yoshlar misolida ham ko‘rish mumkin. Bu yerdan o‘zingiz izlagan, qiziqqan kitoblaringizni topishingiz mumkin. Bu borada bizga markaz xodimlari yaqindan ko‘mak beradi.

Markazda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning badiiy adabiyotga qiziqishini oshirish maqsadida “Kutubxona ma’naviyat maskani”, “Baxtli bolalik va saodatli umrning kafolati”,“Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor”, “Kitoblar bayrami” doirasida “Kitob – o‘qib qadrlanadi”, “Eng faol kitobxon”, “Eng faol kitobxon oila”, “Eng faol kitobxon rahbar” kabi tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

– Navoiy viloyatidagi barcha mahallalar faollari bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan kitobxonlarga qulaylik yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olganmiz, – deydi markaz direktori o‘rinbosari Shamsiya Baqoyeva. – Bunda bizga “Kitobxonlar klubi” a’zolari yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda. Ular xonadonlarga borib, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga kitoblar o‘qib beradi, ularni qiziqtirgan kitoblarni topishda ko‘maklashadi. Shuningdek, markazimizda ko‘chma kutubxonalar tashkil etilib, kerakli adabiyotlar bilan ta’minlab borilmoqda.

Ayni paytda “Elektron – innovatsion kutubxona” loyihasi doirasida Axborot kutubxona markazi fondidagi kitoblarning elektron nusxasi yaratilmoqda. Shu kunga qadar 2000 nomdan ziyod kitobning elektron varianti yaratilib, aholi gavjum joylar, bekatlar, mahallalar, vokzal va aeroport binolari yaqiniga adabiyotlarning nomi va uni onlayn bazadan topish imkonini beruvchi QR kod joylashtirilgan “Elektron – innovatsion kutubxona” bannerlari o‘rnatildi. Endi foydalanuvchilar bir vaqtning o‘zida ham elektron kitob bilan tanishishi, ham ushbu kitoblarning audiolarini eshitishi mumkin. Bunda foydalanuvchilar smartfonda QR kod orqali kitoblarni internet resurslaridan tez va oson topish imkoniyati mavjud. Kim xohlasa kitobning audiosini, kim xohlasa matnli shaklini bemalol o‘qib o‘rganishi mumkin.

Albatta, yurtimizda bu kabi ma’naviyat markazlarining mavjudligi barchamizni quvontiradi. Axir kitob insonni ezgulikka, ma’naviy barkamollikka yetaklovchi asosiy kuchdir. Kitob o‘qigan kishi esa hech qachon razillikka bormaydi, barchaga yaxshiliklar sog‘inib yashaydi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA