Inson o‘zligi, ruhiy dunyosi, axloqi, imon-e’tiqodi bilan insondir. Shu ma’noda ulg‘ayib kelayotgan avlodning ta’lim-tarbiyasi, taqdiri, kelajagi, ertaga kim bo‘lib kamolga yetishi Prezidentimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan. Yangilanayotgan O‘zbekiston o‘zining ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda ham avval misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarini boshdan kechirmoqda. Bu ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’rifat, san’at, ijtimoiy sohalarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan ortga qaytmas, xalqchil, oddiy odamlarga xayrixoh, ayni paytda ochiq, shaffoflikka asoslangan siyosatni dunyo tan olmoqda, e’tirof etmoqda, ibrat bilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 avgustdagi mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvi, 2021 yil 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilab bergan vazifalari bo‘yicha ijtimoiy-ma’rifiy sohada zalvorli o‘zgarishlar, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizdagi ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayot baravj rivojlanish yo‘liga kirdi. Muzeylar, teatr jamoalari, kutubxonalar faoliyatida jonlanish ro‘y berdi. Yigirmadan ortiq ijodiy jamoalar qayta tiklandi. Ularning moddiy ta’minoti, xodimlarni rag‘batlantirish, ishini yangicha asosda yo‘lga qo‘yish, malaka oshirishi, ish tajribasini ommalashtirish, dunyodagi faol ijobiy jarayonlardan boxabar bo‘lish maqsadida xorijiy safarlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. O‘zbekiston madaniyati va san’atini jahonga tanitish barcha sharoitlar yaratib berildi. Dunyoning ko‘plab davlatlarida milliy madaniyatimiz, tasviriy va amaliy san’atimiz keng targ‘ib etilmoqda. Ayni paytda Maqom san’ati yangicha rivojlanish bosqichiga chiqdi. Milliy maqom markazi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yurtimizda va xorijda o‘tkazilayotgan yirik madaniy loyihalar, konsertlar, ijodiy bayramlarda Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansamblining san’atkorlari katta fidoyilik ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizning har bir hududida namunali maqom ansambllari faoliyat ko‘rsatmoqda. Milliy maqom san’ati, baxshichilik san’ati bo‘yicha festivallar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Toshkent xalqaro kinofestivali "Ipak yo‘li durdonasi" nomi bilan qayta tiklandi. Bunday madaniy-ma’rifiy loyihalar mamlakatimiz dovrug‘ini yanada yuksaltirishda, jahon jamoatchiligining O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibori va qiziqishini tobora ko‘proq ortishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni paytda diniy-ma’rifiy sohalarda ham tub ijobiy o‘zgarish kechmoqda. Mamlakatimizda Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy xalqaro markazlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Fuqarolarning Haj va Umra safarlaridek muqaddas ziyoratlarni emin-erkin bajarishi uchun keng yo‘llar ochildi.
Ma’rifiy islohotlar jarayonida ona tilimizni asrab-avaylash, uni yanada rivojlantirish, targ‘ib etish yo‘lida zarur milliy qonunchilik asoslari yaratildi. Uning ta’limoti, targ‘iboti yo‘lida barcha sa’y-harakatlar safarbar etilmoqda. Ilmiy asarlar, lug‘atlar nashri keng yo‘lga qo‘yildi. Bu jabhaga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy targ‘ibot vositalari keng jalb etilmoqda.
Tub ijobiy o‘zgarishlar adabiyot sohasida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Poytaxtimizda muhtasham "Adiblar xiyoboni" barpo etildi. Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi qad rostladi. Joylarda ulug‘ adiblarimiz nomi bilan yuritiluvchi ijod maktablari o‘quvchilarga adabiyot saboqlarini bermoqda. Ustoz yozuvchi va shoirlarning tavallud sanalari keng nishonlanayotir. Yosh ijodkorlarning Zomin seminarining qayta tiklangani mamlakatimiz adabiy hayotida ulkan voqelik bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi o‘zgarishlar jadid bobolarimiz qarashlari, g‘oyalariga hamohang tarzda - zamon bilan hamnafas va ayni paytda milliy o‘zligimizga, metalitetimizga, xalqimiz, Vatanimizning milliy manfaatlariga hamohang tarzda olib borilmoqda.
Davr shiddatli tarzda o‘zgarib borayotgan ekan, undagi globallashuv jarayonlari, turli mafkuraviy, siyosiy tahdidlarning ko‘rinishi, shakl-shamoyili ham shunga yarasha bo‘lib bormoqda.
Bugun farzandlarimiz qanday kitob o‘qimoqda? Ularning xayolidan, yuragidan nelar kechmoqda? Yosh avlod bo‘sh vaqtida Nelar bilan mashg‘ul? Bu savollar bugun o‘zini ziyoli, deb bilgan har bir insonni o‘ylantirmog‘i zarurligini, ma’naviyat, adabiyot, san’at, ta’lim-tarbiya ahli, keng jamoatchilik shu yo‘lda yakdillik bilan ish olib bormog‘i zarurligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda. Negaki, ertaga kech bo‘lishi mumkin!!!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bu haqida jon kuydirib so‘zladi. Mavjud holat, to‘siq bo‘layotgan muammolar haqida adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalarining fikr-mulohazalarini tingladi. Mavjud vaziyatda ularning yechimini ham topish yo‘llarini belgilab berdi. Mamlakatimiz rahbarining "Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak", degan so‘zlari o‘zini shu yurtning farzandi, deb bilgan har bir ziyolining shiori, faoliyat dasturiga aylamog‘i kerakligini bugungi murakkab davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri