Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, avvalo, yoshlarga bo‘lgan chuqur ishonch va e’tiborda namoyon bo‘lmoqda. Chunki mamlakatning ertasi — bu bugungi yoshlar bilimiga, mahoratiga va eng muhimi, vatanparvarlik tuyg‘usiga bog‘liq. Shuning uchun ham yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni zakovatli, fidoyi, ruhiy jihatdan bardoshli va mas’uliyatli etib tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Harbiy xizmatda faoliyat yuritayotgan yoshlar uchun esa bu vazifalar yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ular tinchlik posbonlari sifatida nafaqat jismoniy tayyorgarlikka, balki mustahkam iroda, ruhiy barqarorlik, tezkor fikrlash va jamoa bilan ishlay olish kabi muhim sifatlarga ega bo‘lishlari zarur. Bunday tarbiya va tayyorgarlik esa muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan seminar-treninglar, psixologik mashg‘ulotlar va ma’rifiy uchrashuvlar orqali shakllanadi.

Shu maqsadda Milliy gvardiya hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotida yoshlarni harbiy vatanparvarligi yo‘lida, yangicha rahbarlik mahorati va jasorati” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda mutaxassis psixolog ofitserlar, ma’rifat targ‘ibotchilari va o‘z sohasining yetuk ekspertlari ishtirok etdi.

Ushbu seminar, avvalo, yosh gvardiyachilarning ichki dunyosini boyitish, ularda fidoyilik va mas’uliyat hissini mustahkamlash, zamonaviy rahbarlik qoidalarini o‘zlashtirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

N.Rahmonova, O‘zA