“Rossiyskaya gazeta” va O‘zbekiston bosma nashrlarida chop etilgan taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqov muallifligidagi “Moya dushevnaya bol...” (“Alamim bor...”) sarlavhali maqola katta aks sado berdi. U milliy qadriyatlarni tiklash va ularning davlat taraqqiyotidagi o‘rnini anglashga bag‘ishlangan. Maqolada ko‘tarilgan mavzuning naqadar dolzarbligini baholash ham mushkul, negaki, unda millatning ma’naviy qiyofasini shakllantiradigan asoslar haqida so‘z boradi va bu asoslar jamiyatning istiqboldagi barqarorligini belgilab berishi aytib o‘tiladi.
Volgabo‘yi tibbiy tadqiqotlar universiteti ko‘p yillar davomida O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik qilib keladi. 2019 yildan boshlab respublikaning 7 ta tibbiyot oliy o‘quv yurti bilan ikki diplomli dastur amalga oshirilib kelinadi, uning doirasida qariyb 1,5 ming nafar bo‘lg‘usi shifokorlar universitetimizda ta’lim olishmoqda.
Biz O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini hurmat qilamiz, hamkasblarimiz bilan o‘rnatilgan munosabatlarni qadrlaymiz. Mamlakatingizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib boramiz. Qudratilla Rafiqovning “Moya dushevnaya bol...” maqolasi bilan tanishgach, quyidagi fikrlarni bildirishni lozim topdik.
Maqola muallifi aytishicha, milliy qadriyatlar — o‘tmishning qotib qolgan merosi emas, balki mamlakatning ildam rivojlanishini ta’minlashga qodir bo‘lgan jonli zaxiradir. Muallif jamiyatning madaniy va ma’naviy asoslari iqtisodiyot yoki siyosatga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradigan ikkinchi darajali element emas, deb ta’kidlaydi. Axir aynan qadriyatlar butun islohotlar tizimi suyanadigan tayanchdir. Maqolada ana shunga urg‘u berilishi esa zamonaviy dunyoda taraqqiyotning ma’naviy va madaniy omillariga yetarlicha baho berilmayotgan bir davrda, ayniqsa, muhimdir.
Siyosatshunos shunday bir fikrni asoslab beradiki, o‘z tarixiy ildizlariga murojaat qilish modernizatsiya jarayoni bilan qarama-qarshilikka uchramaydi, aksincha, yangilanish qadriyatlarsiz yuzaki va beqaror bo‘lib qoladi. Maqolada aniq-tiniq belgilanganidek, rivojlanish faqat xalqning ma’naviy tajribasi bilan, uning madaniy boyliklari va tarixiy xotirasi bilan mustahkamlansagina chinakam taraqqiyot yuz beradi. Muallif aytishicha, an’analar taraqqiyotning poydevori bo‘la oladi va bo‘lishi kerak ham.
Tarixiy tajribaga murojaat qilish biz so‘z yuritayotgan tahliliy maqolaning muhim elementidir. Siyosatshunos yozganidek, mamlakat tarixida qachondir yuz bergan muhim yangilanishlar hamisha ma’naviy zaxiralarni ishga solish bilan birga kechgan. Bunday kuzatuv prinsipial ahamiyatga ega bo‘lib, u qadriyatlarni tarixiy taraqqiyotning chinakam omili sifatida ko‘rsatib beradi.
Muallif tarixiy tajribani ayni paytdagi dolzarb kun tartibi bilan bog‘laydi va bunda qadriyatlarni tiklash bugungi kunning muhim vazifasi ekanini ta’kidlaydi. Jadallashib borayotgan globallashuv jarayoni, madaniy shakllarning standartlashuvi, shuningdek, mislsiz axborot oqimi sharoitida millat o‘zining noyobligini yo‘qotish xavfi ostida qolishi hech gap emas. Aynan shuning uchun ham modernizatsiyaning yangicha maqsadlarini tarixiy va madaniy an’analar bilan birlashtirish imkonini beruvchi strategiyalarni ishlab chiqish kerak bo‘ladi.
Siyosatshunos haqli ravishda e’tirof etganidek, agar jamiyat o‘zining ma’naviy mo‘ljalini saqlab qolib rivojlantira olmasa, u dunyodagi an’analar orasida o‘zligini, o‘ziga xosligini yo‘qotib qo‘yishi ham mumkin. Bunday fikr ayni zamonda, ya’ni global chaqiriqlar va universal modellar zo‘rma-zo‘raki tiqishtirilayotgan, milliy o‘zlikka xavf tug‘dirayotgan bir sharoitda, ayniqsa, dolzarbdir.
Muallifning pozitsiyasi tahliliy jihatdan juda chuqurligi va fuqarolik mas’uliyati kuchli ekanligi bilan ajralib turadi. Maqolada shunday bir aniq-tiniq fikr bor: milliy qadriyatlarning to‘liq anglab yetilishi va izchil tiklanib borishigina davlatchilikni mustahkamlashga, islohotlarning barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu yo‘sinda nazariy mulohazalar chegarasidan chetga chiquvchi masala ko‘tariladi. Ya’ni urg‘u amaliy zaruratga beriladi va yangilanish jarayonining muvaffaqiyati ham shunga bog‘liq ekanligi ta’kidlanadi.
Maqola yana shunisi bilan ham ahamiyatliki, u ekspertlar doirasida va keng auditoriyada qiziqish uyg‘otdi. Siyosatshunos jamiyatda anchadan beri kezib yurgan, lekin tizimli tahlil va ishonchli asoslarni talab etayotgan fikrni ifodalab bera oldi. Endi bu fikr tushunarli va asosli tarzda yangradi: qadriyatlar — o‘tmish emas, ular — kelajak tayanchidir.
Qudratilla Rafiqovning “Rossiyskaya gazeta”dagi maqolasi mamlakatning kelajagi haqidagi bahslarga zalvarli hissa bo‘ldi. Maqola ma’naviy qadriyatlar ustunisiz barqaror davlatchilikni shakllantirish, yangilanish va islohotlarni amalga oshirish imkonsiz ekanini ko‘rsatib berdi.
Nikolay KARYAKIN,
Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Federal davlat byudjet ta’lim muassasasi «Volgabo‘yi tibbiy tadqiqotlar universiteti» rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor.