Buxoroda Mir arab oliy madrasasi tashkil topganining 500 yilligiga bag‘ishlangan “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan nufuzli anjuman doirasida buyuk ajdodlardan qolgan ilmiy-ma’naviy merosning o‘rganilishi va targ‘ib etilishi hamda ma’naviy qadriyatlarning tiklanishiga munosib hissa qo‘shgan bir qator yurtdoshlarimizga xalqaro mukofotlar topshirildi.
Jumladan, Rossiyadagi nufuzli musulmon tashkilotlaridan biri Shimoliy Kavkaz musulmonlari muvofiqlashtirish markazi (SHKMMM) raisi, Muftiy shayx Ismoil Berdiyevning farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Komiljon Rahimov “Za utverjdeniye duxovnыx sennostey” (“Ma’naviy qadriyatlarni o‘rnatishdagi xizmatlari uchun”) ordeni bilan taqdirlandi.
Aytib o‘tish lozimki, bu orden Komiljon Rahimovga Rossiya musulmonlar jamoatchiligi tomonidan taqdim etilayotgan birinchi mukofot emas. Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi rayosatining 2023 yil 14 fevraldagi qarori va ushbu idora raisi, oliy muftiy Shayxulislom Tal’at Safo Tojiddinning farmoniga asosan Komiljon Rahimov butun postsovet makonida diniy-axloqiy qadriyatlarni izchil o‘rnatishdagi munosib hissasi, diniy-axloqiy uyg‘onishni rivojlantirishdagi roli, Rossiya va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi tinchlik, do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi salmoqli hissasi va boshqa xizmatlari uchun “Vera i chest” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Komiljon Rahimovni navbatdagi yuksak va faxrli xorijiy mukofotga sazovor bo‘lgani bilan tabriklar ekanmiz, ushbu yosh o‘zbek olimining hayot yo‘li va faoliyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
O‘zbek tasavvufshunosligining yosh avlod vakili, o‘z ilmiy izlanishlari natijasida Markaziy Osiyo tasavvufining vujudga kelishi va rivojlanishi tarixi, shuningdek, xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi va ta’limotini chuqur tadqiqotlar doirasiga jalb etgan iste’dodli yosh sharqshunos, manbashunos olim, mohir tarjimon va jamoatchilik faoli Komiljon Rahimov 1982 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan. U Buxorodagi Mir Arab islom madrasasi (1995-1999 yillari) va Buxoro davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida (2000-2007 yillari) tahsil olgan, Misr Arab Respublikasining Qohira universiteti Arab filologiyasi va Arxeologiya fakultetlarida (2006-2007 yillari) malaka oshirgan. 2017 yil O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti aspiranturasini, 2021 yilda esa ushbu institut doktoranturasini bitirgan.
Komiljon Rahimov 2018 yili tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 2022 yilda esa tarix fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan. Shu paytga qadar Komiljon Rahimovning O‘zbekiston va 15 xorijiy mamlakat nashrlarida 250 dan ortiq ilmiy maqolasi e’lon qilingan. 30 ta monografiyasi va 2 ta ilmiy to‘plami nashr etilgan. Bundan tashqari, u turli to‘plam, lug‘at va ensiklopediyalarda ham 77 ta maqola chop etgan. Bulardan tashqari, O‘zbekistondagi 41 ta va xorijiy mamlakatlardagi 19 ta ilmiy-amaliy va ilmiy-nazariy anjumanlarda o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Komiljon Rahimov xojagon-naqshbandiya tariqati tadqiqotlaridan tashqari, Buxoro shahrining islom ilmlari rivojidagi tutgan o‘rniga bag‘ishlangan “Buxoro: Qubbat ul-islom shahri” (Toshkent, 2021) hamda buxorolik buyuk alloma Abu Hafs Kabir Buxoriy (768-837) hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Buxoroni Qubbat ul-islom etgan alloma” (Toshkent, 2021) monografiyalarini ham nashr ettirdi.
Komiljon Rahimov o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk alloma ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga, islom ilmlari, jumladan, tasavvufga, shuningdek, xattotlik, miniatyura va epigrafika san’atlariga bag‘ishlangan qomuslar, to‘plamlar va lug‘atlarda ham o‘z maqolalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Komiljon Rahimov xalqimiz va xorijliklarni buyuk tarixiy, ilmiy, madaniy va ma’naviy merosimiz bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan keng jamoatchilik faoliyati bilan ham keng shug‘ullanib kelmoqda. Jumladan, uning tashabbusi bilan 2008 yili Markaziy Osiyoda yagona “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, ma’naviy-ma’rifiy jurnali tashkil etildi. Komiljon Rahimov o‘sha yildan buyon mazkur jurnalda bosh muharrir o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda. Shuningdek, u 1994 yildan boshlab har yili sentyabr oyida Buxorodagi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Naqshbandxonlik Respublika ilmiy-amaliy anjumanining 2007 yildan keyingi davrdagi doimiy ishtirokchisi va tashkilotchisi hisoblanadi.
Buxoroda o‘tkazilgan I Xalqaro ziyorat turizmi forumining asosiy ilmiy maslahatchilaridan biri bo‘ldi. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2022 yil 22 apreldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi a’zosi etib tayinlandi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu-Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamda Buxoro davlat universitetidagi Ilmiy kengashlarning a’zosi hisoblangan Komiljon Rahimov ayni paytda islom davrining boshlarida Buxoro shahridagi ta’lim, fan va madaniyat asoslarining qo‘yilishi va rivojlanishi tadqiqiga bag‘ishlangan «VIII-XI asrlarda Buxorodagi ta’lim, fan va madaniyat taraqqiyoti» nomli monografik tadqiqot ustida ishlamoqda.
Ilmiy-ma’naviy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish ishiga katta hissa qo‘shib kelayotgan ushbu sermahsul olim, mohir tarjimon va jamoatchilik faolining kelgusidagi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
O‘zA