Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviy muhit barqarorligi ta’minlash – muhim vazifa
04:35 / 2022-11-04

Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari institutida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmatillo Arziyev, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Muhammadisoq Mo‘minov, institut professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlari va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, milliy qadriyatlarni, inson sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lash, yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik, yurt taqdiriga daxldorlik hissini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Dastlab tadbirda "Jaholatga qarshi ma’rifat" mavzusidagi videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar tomonidan yoshlar, xususan, talabalar o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va boshqa salbiy holatlar, shuningdek, yoshlarning yot va diniy ekstremistik g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolishining oldini olish, internet ma’lumotlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish, ularda yot g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash xususida fikr almashildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

[gallery-9420]

– Asli inson bo‘lib yaratilganimizning o‘zi buyuk ne’mat, – deydi Andijon viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Muhammadisoq Mo‘minov. – Eng avvalo, ana shu ne’matning qadriga yetishimiz lozim. Ayniqsa, yoshlarimiz oltinga teng vaqtlarini behuda ishlarga sarflamasdan puxta bilim olishi, yurt ravnaqiga xizmat qiladigan inson, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishga harakat qilishlari muhim.  

Tadbirda jamiyatimiz hayotida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash muhim vazifa ekanligi, mazkur jarayonda ziyolilar, faol va yetakchi yoshlar faollik ko‘rsatishlari zarurligi alohida qayd etildi. Davra suhbati davomida talaba yoshlar mavzu doirasidagi fikr mulohazalarini erkin bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis va mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.  

F. UBAYDULLAEV,  

Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA