Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviy matonat va insoniylik ramzi
14:48 / 2022-06-10

O‘zbekiston Qaxramoni, xalq yozuvchi Said Ahmad hayotda ham o‘ta samimiy, dilkash, odamiy, sodda, jaydari, odamshavanda inson edilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Said Ahmad 1920 yil 10 iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U dastlab Toshkent rassomchilik bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida o‘qigan (1940-1943). Birinchi hikoyalar to‘plami — «Tortiq» nomi bilan 1940 yili kitobxonlarga taqdim etilgan. Ustoz ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat edi. «Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «Cho‘l burguti» (1960), «Cho‘l oqshomlari», «Odam va bo‘ron, «Yo‘qotganlarim va topganlarim» (1998), «Qorako‘z majnun» (2001), «Kiprikda qolgan tong» (2003) kabi asarlari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish. «Ufq» trilogiyasi (1964-1974), «Jimjitlik» romani (1988), «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) hajviy to‘plamlari, 3 jildli «Tanlangan asarlar»i (2000) nashr etilgan. Uning yumoristik mahorati «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1976), «Kuyov» (1986) komediyalarida yorqin namoyon bo‘lgan. Said Ahmad feleton janrida ham samarali ijod qilgan edi. Domla 1947 yil «xalq dushmani» sifatida hibsga olingan. Stalin vafotidan so‘ng oqlangan edilar.  

Uning «Kelinlar ko‘zg‘oloni» dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. 

Istiqlol yillarida Said Axmad «Do‘stlik» (1996), «Buyuk xizmatlari uchun» (1997) ordenlari bilan mukofotlangan edi. 

...Bular adibning biografik ma’lumotlari. Lekin har gal biz uning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" asari asosida yaratilgan film yoki spektaklni ko‘rganimizda oilaning, oilaviy qadriyatlarning nechog‘li muqaddasligi, inson oila bilangina inson ekaniga yana bir karra guvoh bo‘lamiz. Hamjihatlik, totuvlik, ahillik oila qo‘rg‘onining asosi ekanini dildan anglaymiz.  

Ustoz yozuvchining bir qator romanlari tinch va osoyishta kunlar qadriga yetishga, urush hech kimga ro‘shnolik keltirmasligiga ishoradek go‘yo. Tabiatan samimiy, kamtarin Said Ahmad domla qatag‘onning ne -ne zulmlari, battol zamona munofiqligini boshidan kechirganini hatto anglab ham yetmaganmiz o‘z davrida. Sababi esa ustoz ijodkor nolishni, arzihol etishni ko‘p ham yoqtirmas edilar. Albatta uning mahoratli adib bo‘lib elga tanilishida  umr yo‘ldoshi, zahmatkash shoiramiz Saida Zunnunovaning ham qaysidir ma’noda o‘ziga xos xizmati bor edi.  

Ustoz yozuvchimiz tavallud topgan kunda "Adiblar xiyoboni"da Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi  bilan Said Ahmadning faoliyati, ijodiga oid ma’rifiy suhbatlar, adabiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ha, ustoz Said Ahmad biz uchun ma’naviy matonat, insoniylik tismoli bo‘lib qolaveradi. 



  Nazokat Usmonova, O‘zA