Barcha davlat tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha mas’ul xodim bo‘lib, ularning o‘rni soha ravnaqida alohida. Ayniqsa, ta’lim tashkilotlarida bu yaqqol namoyon bo‘ladi.
O‘quvchi va talabalar bilan tizimli ish olib borish, davlat siyosatini ularga yetarlicha anglatish hamda yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish ana shunday xodimlarning muqaddas vazifasi sanaladi. Ularning malakasini oshirish orqali esa bugungi shiddatli zamon bilan hamnafas ishlashlariga erishmoq mumkin.

Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlar uchun malaka oshirish o‘quv kursi tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotlari Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tmoqda. Unda soha mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston–2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish, ijtimoiy axloq, rahbar ma’naviyati va kasb etikasi, milliy g‘oyaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, ma’naviy targ‘ibot ta’sirchanligini oshirish masalalari yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad millatimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishdan iborat.
Sherbek Islomov, O‘zA