Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining innovatsion usullari
14:28 / 2022-06-03

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va targ‘ibotning zamonaviy texnologiyalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjuman mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish, ularni o‘z vaqtida amalga oshirish choralarini ko‘rish, ushbu sohada davlat organlari va tashkilotlarning faoliyat samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish, zamonaviy targ‘ibot mahsulotlarini yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda. 
 
Shuningdek, konferensiya O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy-ma’naviy muhit holatini o‘rganish va uni takomillashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashda uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasining ahamiyati, globallashuv sharoitida mafkuraviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari, ijtimoiy tarmoqlarning aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ta’siri, yoshlar ma’naviyatiga qaratilgan tahdidlariga qarshi mafkuraviy immunitetini shakllantirish texnologiyalari kabi yo‘nalishlardagi ilmiy muammolar tahliliga bag‘ishlandi. 


 
– Sohibqiron Amir Temur davrida boshlangan ma’naviy islohotlar Husayn Boyqaro davrida o‘z mevasini berdi, – deydi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, navoiyshunos Olimjon Davlatov. – “Sharq uyg‘onish davri”, ya’ni ikkinchi renessans nomini olgan ma’naviy va ma’rifiy yuksalish davri ham 40-50 yil oldin Sohibqiron boshlab bergan islohotlar zamirida yuzaga kelgan, desak yanglishmaymiz. Institutimizning qisqa bir yillik faoliyatiga nazar soladigan bo‘lsak, mamlakatimizda amalga oshiriladigan ma’naviy muhitni ilmiy tadqiq, tahlil qilish, o‘rganish va uning istiqbollarini belgilash bo‘yicha qator salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Mamlakatning chekka-chekka hududlariga ma’naviyat karvonlari yetib bordi. Hududlar bo‘ylab ziyolilar, el suygan san’atkorlar, shoir-yozuvchilar, olimlar va faol yoshlar ishtirokida joylarda turli ko‘rinishdagi tadbirlar uyushtirilmoqda. Kuni kecha o‘zim ham Farg‘ona viloyatida ana shunday tadbirlardan birida bo‘lib qaytdim. Ushbu anjuman o‘tkazilayotgan ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarni qay tarzda o‘tkazsa manfaatli bo‘lishini belgilaydi. Endi odamlarni “musaffo osmonimiz bor” qabilidagi quruq, ma’naviy maslahatlar bilan ishontira olmaymiz. Ularning yoniga yangicha g‘oyalar va yangicha takliflar bilan borishimiz kerak. Ishonamanki, yurtimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar tez orada samarasini bera boshlaydi. 
   
Konferensiyaga 300 dan ortiq maqolalar kelib tushgan. Ularning orasidan 135 ta eng mazmunli va tahliliy yozilgan maqolalar saralanib, alohida to‘plam holida nashr etilgan. Konferensiyada faol qatnashgan ishtirokchilar orasidan “Eng yaxshi mazmunli maqola”, “Eng yaxshi tahliliy maqola”, “Eng dolzarb mavzudagi maqola” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, sertifikat va 500 ming so‘m miqdordagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi. 


   
D.Mamatova, O‘zA