Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etishda jamoat va davlat tashkilotlarining hamkorligi
14:10 / 2021-08-09

Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish kerak.

Har tomonlama barkamol, komil insonni tarbiyalash jamiyatimiz oldida turgan dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelmoqda. bugungi kunda ro‘y berayotgan muhim ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar yoshlar ongiga ta’sir qilmasdan qolmaydi.

Bugun zamon bizdan mahalla va oila institutlarini mustahkamlash masalasiga chuqur ilmiy yondashuvni, muammo yechimida innovatsion usullarni qo‘llashni, sohada ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda jamoat va davlat tashkilotlari bilan amaliy hamkorlikda ish olib borishni talab etmoqda.

Notinch va nizoli oilalar muammolarini hal etish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oila mezonlari, “Sog‘lom oila - sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etishimiz mumkin bo‘ladi.

Yaqingacha barcha jamoat tashkiloti o‘z nizomi, faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib, alohida ish olib borar, bu o‘z natijasini kamroq berayotgandi. Hatto, shunday bir tendensiya shakllangandiki, jamoat tashkilotlari zamon oldimizga qo‘ygan biron masala yechimiga javob topishda “Bu mening vazifam doirasiga kirmaydi”, “Bu bilan falon tashkilot shug‘ullanishi kerak”, “Nega men?!” degan yondashuv hamda qarashlar hukmron bo‘lib keldi. Bugunga kelib ayon bo‘ldiki, bunday yondashuv xatoligini hamda endilikda birgalikda harakat qilishi zarurligini zamonning o‘zi dolzarb vazifa qilib qo‘ydi.

Sir emas, hozirgi globallashuv davrida insoniyat katta sinovni boshdan kechiryapti. Zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar imkoniyatidan bahramand bo‘lganimiz holda, yomon illatlar oilamizga, ongu shuurimizga kirib kelib, chalkashliklarni keltirib chiqarmoqda. Bu tahdiddan, ayniqsa, yoshlar ko‘p aziyat chekmoqdalar.

Shunday vaziyatda jahoniy tahdiddan saqlanishning birdan-bir yo‘li bu, albatta, ma’rifatdir. Farzandlarimizni ma’naviyatli qilib tarbiyalash faqatgina maktab, mahalla yoki oilaning ishi emas, u umumxalq vazifasidir, desak ayni haqiqatdir.

Yosh avlodni ma’naviy-axloqiy, madaniy-ma’rifiy jihatdan yetuk insonlar qilib tarbiyalash ishi birinchi navbatda oiladan boshlanadi. Bu borada barkamol avlodni tarbiyalashda ota-ona, mahalla va ta’lim muassasalarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, ushbu hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish o‘smirlar orasida qarovsizlik, tartibbuzarlik, jinoyatchilik va shunga o‘xshash maishiy buzuqliklar bilan shug‘ullanishning oldini olishda muhim tarbiya vositasidir.

Yosh avlod tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan, oilada – ota-onalar, mahallada – qo‘ni-qo‘shni va keng jamoatchilik, ta’lim muassasasida – o‘qituvchi va murabbiylar kelgusi avlod barkamolligi hamda o‘g‘il-qizlarimizning ulug‘ ajdodlarimizga xos oqil bo‘lishlari uchun mas’uldirlar.

Tarbiya ishlarini hamkorlikda olib borilishi doimo ijobiy natija bergan. Ushbu ishlarni tizimli olib borish va muvofiqlashtirishga bo‘lgan ehtiyoj bugungi ta’lim-tarbiya jarayoniga mas’ul vazirlik, manfaatdor tashkilot va idoralar oldiga dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.

Har bir bolaga munosabat ota-onaning ham, o‘qituvchining ham, jamoatchilikning ham millatga, Vatanga bo‘lgan munosabatini aks ettiradi. Demak, tarbiyani faqat oilaga, ta’lim muassasasiga tashlab qo‘ymay, butun jamoatchilik hamkorligida, ya’ni davlat va nodavlat tashkilotlari yaqin hamkorlikda ish yuritsagina, o‘sib kelayotgan yosh avlod barkamol, har tomonlama yetuk bo‘lishiga erishamiz.

Nasiba Xoldorova,

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining

Axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish bo‘yicha o‘rinbosari.