Poytaxtimizda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Eng namunali vazirlik va idora” hamda “Eng namunali tuman va shahar” tanlovlarining yakuniy bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Milliy gvardiyasining “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” maskanida tashkil etilgan ushbu tantanali tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralarining vakillari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar, media soha xodimlari taklif etildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida ma’naviy-ma’rifiy jabhalardagi islohotlar alohida o‘rin egallashini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 mart kuni qabul qilgan tegishli qaroriga muvofiq “Eng namunali vazirlik va idora” hamda “Eng namunali tuman va shahar” tanlovlari bir necha yildan beri yuksak saviyada o‘tkazib kelinmoqda.
“Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida bu yil ilk marta hududiy bosqich joriy etildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra, 14 ta tuman va shahar ma’rifiy tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi. Navoiy va Marg‘ilon shahri, Chimboy, Baliqchi, Vobkent, Zarbdor, Qamashi, Uychi, Narpay, Guliston, Sherobod, Yuqori Chirchiq, Gurlan, Chilonzor tumanlari shular jumlasidandir.
[gallery-26699]
“Eng namunali tuman va shahar” tanlovida bu yil 30 ta vazirlik va idora qatnashish istagini bildirdi. Ular yurtimizning yetakchi vazirlik va idoralari, bank-moliya muassasalari ekani ahamiyatga molikdir. Respublika komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar va joylarda o‘rganish va tahlillar asosida qatnashchi tashkilotlarning faoliyatini baholab bordi.
“Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida birinchi o‘ringa Respublika Bosh prokuraturasi munosib topildi.
“Eng namunali tuman va shahar” tanlovida esa birinchi o‘rin Qashqadaryo viloyati Qamashi tumaniga nasib etdi.
– Ma’naviy-ma’rifiy jabhadagi sa’y-harakatlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ustuvor o‘rin egallaydi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Oybek Sultonov. – Ma’naviy- ma’rifiy ishlarni zamon talabiga mos tashkil etishga katta e’tibor qaratildi. Har bir xodim, har bir hududdagi tuzilmalarimiz bilan alohida ishlar olib borildi. Bunda xodimlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri va unumli yo‘lga qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, oilalarga ko‘mak ko‘rsatish kabi turli yo‘nalishlar yuzasidan muttasil ishlar olib borildi.
– Mamlakatimizda ushbu tanlovning o‘tkazilayotgani hayotning turli jabhalarida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda, – dedi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Komila Karomova. – Ayni paytda teatrlar, kutubxonalar, madaniyat maskanlari, muzeylar faoliyatiga, kitobxonlikni rivojlantirishga e’tibor kuchaygani fikrimizning yorqin dalilidir.
Tantanali tadbirda “Eng namunali vazirlik va idora”, “Eng namunali tuman va shahar” tanlovlari hamda uning doirasidagi turli nominatsiyalarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar taqdirlandi.
San’at ustalari ijrosida jonajon O‘zbekistonimizni, istiqlolimizni, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, go‘zal raqs kompozitsiyalari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Ushbu tadbir chin ma’noda ma’naviyat va ma’rifat, san’at va nafosat bayramiga aylanib ketdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova so‘zga chiqdi.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (suratlar), O‘zA muxbirlari