Odamlar ongiga milliy g‘oya mohiyatini to‘liq yetkazish, eski mafkuradan soqit bo‘lolmagan va yangilanishlarga yuzaki qaraydiganlar dunyoqarashini ezgu tomonga o‘zgartirish, barcha kuch va harakatlarni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishga yo‘naltirish dolzarb vazifalardan biridir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan uyushtirilgan seminarda shu haqda fikr yuritildi.
– Ijtimoiy-ma’naviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilish – davr talabi. Jamiyatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar shunday asosda yo‘lga qo‘yilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayotgan edi, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov.
– Shu boisdan, endilikda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ishini tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi. Prezidentimiz ushbu markazning “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirdi. Shunday ekan, galdagi vazifa ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlarini belgilashdan iborat bo‘ladi.
[gallery-1006]
Endilikda maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yiladi. Barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etiladi. Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchi va taniqli ziyolilar biriktiriladi.
– Milliy g‘oya targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etiladi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Quronov.
–- Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltirilishi bu sohaga qaratilgan jiddiy munosabatni bildiradi.
Seminarda vazirlik va idoralar, jamoatchilik tashkilotlarining bu borada ishlab chiqqan ish mexanizmlari taqdim qilindi. Ma’naviyat va ma’rifat, milliy g‘oya targ‘ibotining ilmiy-amaliy asoslariga tayanish borasida qimmatli fikr va takliflar o‘rtaga tashlandi.
M.Qudratullayeva, O‘zA