Milliy gvardiya Toshkent shahar Qo‘riqlash bosh boshqarmasida tizim harbiy xizmatchi va xodimlari, ta’lim muassasalari o‘quvchilari, kursantlar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ullari ishtirok etdi.
Bugungi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berildi.
Shundan so‘ng, Qurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchi va xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi.
Shu bilan birga, armiya va xalq birligini ta’minlashda faol hamkorlik qilgan davlat tashkilotlari vakillari, xususan, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, Madaniyat vazirligi, Guliston davlat universitetining mas’ul xodimlari ham tadbirda munosib taqdirlandi.
—Bugungi kunda Milliy gvardiya tizimida shaxsiy tarkibning jangovar va jismoniy tayyorgarligi bilan birga, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligiga ham katta e’tibor qaratilmoqda, — deydi Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Hamidulla Atabayev. — Ushbu yo‘nalishda qisqa muddatda amalga oshirgan ishlarimiz yuqori e’tirof etilib, qo‘mondonligimiz tomonidan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganim menga katta mas’uliyat yuklaydi.
Ma’naviyat sohasida amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar kelgusida harbiy xizmatchi va xodimlar, ayniqsa, yoshlar bilan o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirib, ularni yuksak ma’naviyatli vatanparvar xodim sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/DNVXdgrmrqg" title="“Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak nishoni oʻz egalariga topshirildi (" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
N.Rahmonova,
O‘zA