Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’naviy go‘zallikning posbonlari
10:48 / 2024-04-15

15-aprel – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni

Jamiyatning ma’rifiy kamolotida ijodkor ziyolilar, shu jumladan, san’at va madaniyat xodimlarining hissasi beqiyosdir.  

Shu sababli keyingi yillarda mamlakatimizda ma’naviyat, ilm-ma’rifat, san’at va madaniyat, adabiyot kabi sohalar rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, oxirgi yillar mamlakatimiz madaniyati va san’ati ravnaqida misli ko‘rilmagan tashabbuslar ilgari surildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali tashkil etilgani san’at sohasi uchun yuqori iste’dod, bilim va salohiyatga ega yoshlarni kamolga yetkazishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi, mamlakatimizning barcha hududlarida namunaviy maqom ansambllarining faoliyati keng yo‘lga qo‘yilgani ushbu ko‘hna san’atni yana kengroq targ‘ib va tashviq etishda yangi istiqbollarni ochmoqda.  

O‘zbekiston xalq artistlari Komiljon Otaniyozov, Sherali Jo‘rayev kabi san’atimiz sardorlarining ijodini, ular yaratgan ijro yo‘llarini, qo‘shiqchilik an’analarini yaratishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlagan musiqa va san’at maktablari samarali faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva nomidagi maxsus stipendiya ta’sis etilib, maqom san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan eng ibratli talabalar maxsus tanlov asosida ushbu stipendiya bilan taqdirlanishi keng yo‘lga qo‘yildi.  

Keyingi yillarda mamlakatimizda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Vatanimizning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan «Bahor» ansambli qayta tashkil etildi. Badiiy musiqiy jamoalarning faoliyati keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning xorijiy safarlarga chiqishi uchun imkon, mablag‘, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Teatrlar, teatr-studiyalar, musiqiy ansambllarning emin-erkin ishlashi, binolar, jihozlar, liboslar, xodimlarning ish haqi, homiylar ko‘magi bilan bog‘liq masalalardagi muammolar to‘liq barham topdi.  

Xalqimizni san’atdan to‘liq bahramand etish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. «Teatr tomoshalari haftaligi», «Tasviriy va amaliy san’at festivali», «Muzeylar kuni», «Ochiq osmon ostidagi konsertlar» kabi loyihalar xalqimizga g‘oyat manzur bo‘lmoqda. Ayni paytda jahonning yetakchi opera va balet yulduzlari, san’at ustalarining, mashhur ijodiy jamoalarning yurtimizga tashrifi misli ko‘rilmagan darajada faollashdi.  

Prezidentimiz raisligida 2023-yil 22-dekabrda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida sohadagi muammolar – madaniyat maskanlari ishini davr ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yish, ularda mehnat qilayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, zarur jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqildi. Shu bilan birga maqom, milliy raqs, teatr, muzeylar, bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatiga doir yangi tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.

Bugun ayrim «san’atkorlar»ning ijtimoiy tarmoqlardagi xurmacha «tomosha»lari, sayoz qo‘shiqlar, mualliflik huquqlariga rioya etmaslik kabi ko‘ngilni xira qiladigan jihatlar ham ba’zan ko‘zga tashlanmoqda. Bunday muammolarning oldini olish bo‘yicha Madaniyat vazirligi tomonidan tegishli choralar ham ko‘rilmoqda. 

Biroq madaniyat va san’at xodimlari deganda, eng avvalo, muzeylar, bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat saroylari, teatrlar, badiiy jamoalarda halol va fidokorona mehnat qilayotgan xodimlarni, musiqa muallimlari, tasviriy va amaliy san’at ustalarini, ularning jonfidoliklarini nazarda tutamiz.  

Ayni paytda yoshlarga musiqiy ta’lim berishda, ularning badiiy didi va tafakkurini yuksaltirishda, go‘zallikning betakror va maftunkor dunyosiga oshno etishda milliy san’atimiz fidoyilarining hissasi beqiyos.  

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri