Ma’lumki, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylovoldi jarayonlarni kuzatish maqsadida mamlakatimizga qator xorijiy davlatlardan mutaxassislar tashrif buyurmoqda.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri saylov jarayonini kuzatish uchun O‘zbekistonga kelgan Yaponiya Tashqi savdo tashkiloti (JETRO) bosh direktori Manabu Shimoyashiro bilan suhbatlashdi.
– Prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik qizg‘in ketayotganiga amin bo‘lmoqdamiz. Men siyosatga, ayniqsa, O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealarga juda katta qiziqish bilan qarayman. Qolaversa, mamlakatingiz yoshlari ushbu muhim kun – Prezidentlik saylovida faol ishtirok etayotganini ko‘rib, hayratda qoldim. Mamlakatingizda olib borilayotgan oqilona siyosat mintaqalararo hamdo‘stliklikni yanada mustahkamlamoqda.
Kuzatuvchi sifatida ertaga Navoiy viloyatiga jo‘nab ketaman. O‘zbekistondagi saylov jarayonlari, bu borada amalga oshirilgan ishlar, tadbirlarni diqqat bilan kuzatib boraman. Ishonchim komilki, mamlakatingizda bo‘layotgan ushbu muhim siyosiy tadbir muvaffaqiyatli kechadi.
B. Xudoyberdiyev, O‘zA