Oliy sudda ma’muriy sudlarda soliq nizolarining ko‘rilishi masalasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 30 yanvardagi "Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda sudyalar, huquqshunoslar, soliq, prokuratura organlari vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov soliq nizolari davlat bilan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi eng keng tarqalgan ma’muriy nizolardan biri hisoblanishini ta’kidladi.
Ushbu nizolarni hal etishda qonun ustuvorligini ta’minlash, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, davlat byudjetining barqarorligini saqlash muhim ahamiyatga ega.

2024 yilda davlat soliq xizmati organlari (mansabdor shaxs)larning qarorlarini haqiqiy emas, deb topish, harakat (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topishga doir 2 ming 18 ommaviy nizo ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 884 tasi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari qanoatlantirilgan. Joriy yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich esa tegishliligi bo‘yicha 1 ming 131 va 448 tani tashkil etdi.
Seminar davomida soliq tekshiruvi natijalarini ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qaror qabul qilish tartib-taomillari atroflicha muhokama etildi.

Tadbirda ma’muriy sudlarda bunday toifadagi ishlarni yuritish borasida Yaponiya tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Onlayn tarzda ishtirok etgan Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot va kadrlar tayyorlash institutining Xalqaro hamkorlik departamenti professori Yamashita Takuro, Nagoya iqtisodiyot universitetining professori Ichixashi Katsuya va dotsenti Matsumoto Mikikoning mazmunli ma’ruzalari mahalliy soha vakillari uchun muhim manba bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA