Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’muriy sudlar faoliyatida uchrayotgan muammoli masalalar muhokama qilindi
10:49 / 2021-12-03

Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar klubi tashkil etildi.

Sudyalar klubi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar beradi. Shuningdek, klub sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish berish vakolatiga ega bo‘lib, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.  

O‘zbekiston Sudyalar klubining navbatdagi forumi bo‘lib o‘tdi.  

Sudyalar klubining avvalgi forumlarida jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlar sudyalari faoliyati, amaliyotda duch kelinayotgan muammolar va ularning yechimlariga oid masalalar muhokama qilingandi.   

Bu safargi tadbirda ayni masalalar ma’muriy sudlar sudyalari faoliyati misolida ko‘rib chiqildi. Shu bois unda  ma’muriy sudlarning barcha instansiya sudyalari ishtirok etdi. 

Sudyalar klubining asosiy ishlash platformasi uning onlayn forumi bo‘lib, bu respublikamizdagi barcha sudyalarga o‘zaro muloqot qilish imkonini beradi.  

O‘tgan vaqt davomida Klubning onlayn-platformasida ma’muriy sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari  yuzasidan 137 ta mavzu ko‘tarilib, ular bo‘yicha 969 ta munosabat qoldirilgan.  

Raqamlar kichkina emas. Xususan, tahlillarga ko‘ra, hokimlik, soliq idoralari va sud hujjatlari ijrosi bo‘yicha davlat ijrochilarining qarorlari yoki ularning xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan sudga kiritilayotgan arizalarni ko‘rib chiqish masalasi sudyalar o‘rtasida eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.  

Bundan tashqari, ma’muriy sud sudloviga  taalluqli nizolar yuzasidan ham yanada aniq tushuntirish va huquqiy yechimlarga ehtiyoj sezilayotganini ko‘rish mumkin. Sud qarorlarini apellyatsiya tartibida ko‘rish, kadastr hujjatlarini haqiqiy emas, deb topish yoki arizani rad qilish asoslari bo‘yicha qonunchilikni yanada takomillashtirishga oid takliflar ilgari surilgan.  

Tadbirda ma’muriy sudlar sudyalari faoliyatida uchrayotgan shu va shu kabi masalalarning huquqiy yechimlari muhokama qilindi. 

Shuningdek, sudyalar daxlsizligi ta’minlanishining samarali mexanizmlari, Sudyalar odob-axloq kodeksiga qo‘shimcha va tushuntirishlar berish zaruriyati yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi. 
      
 

Tursunali Akbarov, 
     
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rahbari.