Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’muriy sudlar faoliyati takomillashtiriladi
11:08 / 2025-02-03

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Fuqarorlar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli va samarali himoya etilishini ustuvor ravishda ta’minlash;

fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda sudning faol ishtiroki prinsipini qo‘llash mexanizmlarini kengaytirish;

davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish;

ma’muriy sud ishlarini yuritishda nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish;

fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish orqali aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish;

davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning ta’sirchan mexanizmlarini to‘liq joriy etish;

ma’muriy yustitsiya tizimi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirib borish.

Ma’muriy sudlar faoliyatiga:

qarori, harakati (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash;

ma’muriy sud ish yurituvida ishlarning tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashga hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan dastlabki eshituv instituti joriy etiladi.

Qaror bilan:

O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya tarkibi ham tasdiqlandi.

O‘zA