Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudida siyosiy-ma’rifat soati tashkil etildi.
Tadbirda sudya va sud apparati xodimlari ishtirok etib, tizimda xizmat odobi, kasbiy mas’uliyat hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Siyosiy-ma’rifat soati doirasida sud xodimlarining odob-ahloq qoidalari, xizmat intizomi va korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etuvchi “halollik vaksinasi”ni shakllantirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar o‘qildi. Mazkur tushuncha sud tizimida ishlayotgan har bir xodimda halollik, shaffoflik va qonuniylik tamoyillarini mustahkam qaror toptirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javob o‘tkazilib, amaliy misollar orqali korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning oldini olishda shaxsiy mas’uliyat va huquqiy ongning o‘rni keng muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bunday tadbirlar tarbiyaviy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Chunki sud apparati xodimlari kelgusida sudyalik lavozimiga nomzod sifatida shakllanadi. Shu bois, ularning kasbiy bilimlari bilan birga, axloqiy qiyofasi, halollik va adolatga sodiqligi ham doimiy ravishda mustahkamlab borilishi zarur.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri