O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sektori, Majburiy ijro byurosi va Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalaridagi tegishli soha vakillari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyalari ishtirokida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda sud amaliyotida qonun hujjatlarini bir xil qo‘llashni ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga qaratilgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 24 noyabrdagi qarori bilan bir qator qarorlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati keng yoritildi. Mazkur o‘zgartishlar kredit va garov munosabatlari, ijro ishi yuritish hamda yerga oid nizolarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgani ta’kidlandi.

Sudyalar tomonidan kreditni muddatidan oldin undirish shartlari, garovdagi mol-mulkka undiruv qaratish tartibi, yer ijarasi munosabatlarida yuzaga kelayotgan nizolarni hal etishda yagona yondashuvni ta’minlash, shuningdek, prokuror ishtirokining majburiy holatlari yuzasidan aniq tushuntirishlar berildi. Amalda uchrayotgan muammolar, sud amaliyotidagi tafovutlar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Ochiq muloqot shaklidagi seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan amaliy savollarga sudyalar tomonidan qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha aniq misollar asosida javob berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri