Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’muriy sud ishlarini yuritish tizimi takomillashtirildi
19:46 / 2021-01-19

Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni sud-huquq islohotlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish va odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan.

Qaror va ijro 

Farmon bilan ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarni tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan edi. Bu esa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga qaytarilishi ma’muriy sudlarning ma’lum ma’noda optimallashtirilishini taqozo etadi.

Shuningdek, mazkur hujjatga asosan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi belgilangan.

Ma’lumki, ma’muriy sudlar qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilgunga qadar ikkita toifadagi ishlarni – davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan shikoyat va arizalar bo‘yicha ma’muriy nizolar, qonun bilan ularning vakolatlari doirasiga berilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqardi.

Ma’muriy sudlar ish hajmining ko‘pligi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi.

Xorijiy davlatlarda esa ma’muriy sudlar o‘z xususiyatidan kelib chiqib, ma’muriy yustitsiyani amalga oshiradi. Jumladan, Germaniyada ma’muriy sudlarning vazifasi faqat jismoniy va yuridik shaxslarning hukumat hujjatlari ustidan shikoyatlarini ko‘rib chiqish hisoblanadi. Ya’ni, ushbu sudlar ommaviy-huquqiy xarakterdagi nizolarni hal qiladi. Germaniya ma’muriy sudlari fuqarolarni davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda himoya qilishga xizmat qiladi. Fransiyada ma’muriy sudlar Germaniya ma’muriy sudlari singari fuqarolarning shikoyatlari asosida faqat davlat organlarining ma’muriy aktlari qonuniyligini tekshiradi. Binobarin, ushbu sudlar ommaviy-huquqiy xarakterga ega bo‘lgan sud ishlarini olib borishga ixtisoslashgan.

Ma’muriy va boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga e’tibor qaratilayapti. Biroq masalaning yana bir jihati shundaki, endi ma’muriy sudlar rivojlangan davlatlar ilg‘or tajribasida mavjud bo‘lgani kabi ma’muriy va boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga yanada kuchliroq ixtisoslashishiga imkon bo‘ladi.

Bundan tashqari, sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, nazorat tartibida ish yuritish institutini fuqarolarning odil sudlovdan foydalanishini kengaytirish maqsadida bekor qilish, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish choralari ko‘rilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 12 yanvardagi “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risida”gi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni qabul qilindi.

Qonun bilan ma’muriy sud ishlarini yuritishda nazorat instansiyasi bekor qilindi. Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga (biznes-ombudsman) birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi berildi, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar bundan mustasno.

Endilikda, apellyatsiya shikoyati qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oy ichida berilishi mumkin, ilgari ushbu muddat 20 kunni tashkil etgan. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellyatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish yuzasidan chiqarilgan ajrim haqida uch kunlik muddatda xabardor qilinadi, avvalgi qoida bo‘yicha ajrim qabul qilingan kundan xabardor qilinar edi.

Kassatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir yil ichida berilishi mumkin. Ilgari shikoyat sudning qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin bir oy ichida berilar edi.

Manfaatdor shaxslar ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest keltirish haqidagi ariza bilan Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilishga haqli.

Umuman olganda, fuqarolarning odil sudlovga erishishini ta’minlash, ortiqcha ovoragarchilikni bartaraf etish, ularning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish samaradorligini ta’minlash maqsadida sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirishning ilgarigi tizimini isloh etishni taqozo etgan edi.

Zero, ushbu vazifalar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

I.Alimov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud sudyasi.

O‘zA