Bugun amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar natijasida davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli tizimi shakllanib bormoqda.
Bu ma’muriy organlar va ularning mansabdor shaxslari bilan fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 29 yanvardagi “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ma’muriy sudlar faoliyatini yanada demokratlashtirish, odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilikning sudga nisbatan ishonchini oshirishda yangi vazifalarni belgilab berdi.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, uning huzuridagi Sudyalar oliy maktabi hamda Oliy sud hamkorligida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar-treningda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar ma’muriy sudlar sudyalari va soliq organlari xodimlari onlayn tarzda ishtirok etishib, ma’muriy sudlarda davlat soliq organlarining qarorlarini ko‘rib chiqish qonunchiligi va amaliyoti, xususan davlat soliq organlarining qarorlarini bekor qilish borasida muammolar ham ochiq muhokama qilindi.
– Joriy yilning 20 aprel kuni mahalliy ijro hokimiyati organlari xodimlarini ma’muriy sudlar faoliyati va ularning jamiyatda qonuniylikni ta’minlashdagi roli bilan batafsil tanishtirish maqsadida turkum seminar-treningning birinchi bosqichini o‘tkazgan edik, – deydi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi direktori o‘rinbosari Dilshod Isroilov. – bugungi tadbir yuqoridagi seminar-treningning mantiqiy davomidir.
Birinchi seminar-treningda asosan mahalliy hokimiyat vakillari mutasaddilari, huquqshunoslari ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi tadbirda barcha hududlardagi soliq organlari xodimlari qatnashmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad ma’muriy sudlar amaliyotida soliq organlari qarorlarining qonuniyligini ko‘rib chiqish masalasini muhokama qilishdir. Tadbir faqat shunchaki ma’ruzalardangina iborat emas, balki bu borada amaliyotdagi muammolarni aniqlash va uning yechimini topishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar-trening davomida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar bugungi tezkor hayot dinamikasiga qay darajada javob bermoqda, qonunchilik bilan amaliyot bir-biriga mosmi kabi savollarga yechim izlandi, fikr almashildi.
Tadbirda ishtirokchilar ma’muriy sudlar faoliyati va ularning jamiyatda qonuniylikni ta’minlashdagi roli bilan batafsil tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA