Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rishdagi xato va kamchiliklar tahlil etildi
12:19 / 2023-10-07

Navoiy shahridagi Madaniyat va ma’rifat markazida viloyat sudi tomonidan “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti tahlili” mavzusida IIBning profilaktika inspektorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Viloyat sudi raisi Hamidulla Qudratov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligini ta’kidladi.

Ushbu konstitutsion me’yordan kelib chiqqan holda shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli sodir etilgan harakat yoki harakatsizlikda ifodalangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash lozim.

Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilning 9 oyi mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari ish yurituviga 26 ming 342 nafar shaxsga nisbatan 21 ming 899 ta ma’muriy ish kelib tushgan. Surishtiruv organi tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, keyinchalik sud tomonidan huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli tugatilgan ishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 37 taga yoki 21,8 foizga, shaxslar soni esa 79 taga yoki 58 foizga oshgan.

Shuningdek, ma’muriy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli javobgarlikdan ozod qilingan huquqbuzarlar soni 301 tani tashkil etgan.

– Sudlarga elektron tartibda kelib tushgan ma’muriy ishlarga oid ma’lumotlar to‘liq bo‘lmaganligi yoki noto‘g‘ri kiritilganligi sababli ma’muriy ishlarning qaytarilish holatlari ham mavjud, – deydi viloyat sudi sud’yasi B.Imomov. – Jumladan, joriy yil 9 oyi davomida jami 26 ming 982 nafar shaxsga nisbatan 23 ming 193 ta ma’muriy ish ro‘yxatga olinmasdan qaytarilgan. Shundan 12 ming 480 nafar shaxsga nisbatan 8 ming 850 ta yoki 38,1 foizi ichki ishlar organlari tomonidan taqdim etilgan ishlar hisoblanadi. Ushbu ma’muriy ishlar huquqbuzarning shaxsiga va huquqbuzarlik sodir etilgan joyiga oid ma’lumot mavjud emasligi, ma’muriy ishlarga oid ma’lumotlar elektron shaklda yuborilgandan keyin ularning qog‘oz shakli bir sutka ichida taqdim etilmaganligi, ma’muriy ish mazkur sudga tegishli emasligi, huquqbuzarning muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud emasligi sababli qaytarilgan.

– Uchrashuvda sudyalar tomonidan tergovga qadar tekshiruv va surishtiruv organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish davomida yo‘l qo‘yiladigan xato va kamchiliklar haqida ham ma’lumotlar berildi, – deydi Navoiy shahar Ichki ishlar boshqarmasi profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Mirmuhsin Normuhammedov. 

– Jumladan, ish bo‘yicha olib qo‘yilgan ashyolarning yaroqli yoki yaroqsizligini tekshirish, ularga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash maqsadida tegishli ekspertiza tayinlanmasligi va xulosasi olinib ishga qo‘shilmasligi, ma’muriy ish hujjatlarida olib qo‘yilgan ashyoviy dalillarning qayerda saqlanayotganligi to‘g‘risida tasdiqlovchi ma’lumotlar ilova qilininmasligi ham kamchiliklardan biri ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan shaxsga bayonnoma nusxasi berilib, bayonnoma, ekspertiza tayinlash qarori, xulosasi, ish hujjatlari bilan tanishtirilishi lozim ekanligi aytib o‘tildi.

Uchrashuv so‘nggida IIB profilaktika inspektorlarining huquqiy savodxonligini oshirish borasida doimiy dars mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ma’muriy ishlarni rasmiylashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan sudlar tomonidan kiritilgan taqdimnomalar, ishlarni qo‘shimcha surishtiruvga qaytarish haqidagi sud ajrimlarini xodimlarning e’tiboriga yetkazish borasida tushuntirishlar berildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri