Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinmi?
14:02 / 2021-11-28

Yuridik klinika

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik kam ahamiyatli bo‘lgan taqdirda, sud huquqbuzarni ma’muriy javobgarlikdan ozod etib, uni ogohlantirish bilan kifoyalanishi mumkin. Bunda huquqbuzar javobgarlikdan ozod etilgan taqdirda unga nisbatan ish yuritish tugatiladi.  

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi 2021 yil 4 oktyabrdagi Qonuniga ko‘ra ayrim toifadagi huquqbuzarliklar bo‘yicha shaxsni yarashuv asosida ma’muriy javobgarlikdan ozod etish tartibi belgilandi.  

Unga ko‘ra, 12 toifada, jumladan, tuhmat, haqorat qilish, fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish, fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, yengil tan jarohati yetkazish, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo‘q qilib yuborish, ko‘chatlarga shikast yetkazish, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi, mayda bezorilik hamda o‘zboshimchalikka ma’muriy huquqbuzarliklar uchun yarashuv asosida ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish belgilandi.  

Biroq huquqbuzar shaxsni yarashuv asosida ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish uchun bir nechta shart bajarilishi lozim.  

Birinchidan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa hamda yetkazilgan zararni bartaraf etsa ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. Shu bilan birga, yuqorida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxslar yarashuv asosida ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin emas.  

Ikkinchidan, yarashuv to‘g‘risida ish yuritish masalasini qo‘zg‘atish huquqiga qonunda belgilangan tartibda jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili egadir. Bunda jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakilidan boshqa shaxslar, jumladan, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning yarashuv to‘g‘risidagi arizasiga asosan ishni tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.  

Uchinchidan, ishda bir nechta (ikki yoki undan ortiq) jabrlanuvchilar bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda ham yarashuvga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Faqat barcha jabrlanuvchilar bilan yarashuvga erishilgan bo‘lishi lozim.  

Jabrlanuvchilarning hatto birortasidan tegishli ariza bo‘lmagan hollarda ham yarashuv to‘g‘risida ish yuritish mumkin emas. Bunday holatlarda ish yuritish umumiy asoslarda olib boriladi.  

To‘rtinchidan, yarashuv to‘g‘risida ariza berish yoki arizadan voz kechish muayyan muddat bilan chegaralab qo‘yilgan. Ariza ish vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ko‘rib chiqilishi vaqtida, shuningdek, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berilishi mumkin.  

Beshinchidan, yarashuv to‘g‘risidagi ariza har doim yozma shaklda taqdim etiladi. Unda jinoyat natijasida yetkazilgan zarar bartaraf etilganligi (jabrlanuvchining zarardan voz kechganligi) va yarashilganligi munosabati bilan jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimos ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.  

Oltinchidan, yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli organlar yarashuv sud tomonidan tasdiqlangandan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibatlarni jabrlanuvchiga tushuntirishi shart. Ya’ni, agar ish bo‘yicha yarashuv amalga oshirilgan taqdirda keyinchalik ish yuritishni qayta tiklash haqida iltimosnoma berish mumkin emas.  

Xorijiy mamlakatlar, jumladan, Fransiya, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlarning ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonunchiligida ham yarashuv asosida javobgarlikdan ozod qilish amaliyoti mavjud. Belarus Respublikasining Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 8-bobida ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish asoslaridan biri sifatida (yettita holat mavjud) yarashuv institutini qo‘llash tartibi belgilab qo‘yilgan. Qozog‘iston Respublikasining Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 8-bobida ma’muriy javobgarlik va ma’muriy jazodan ozod qilishning to‘rtta turi keltirib o‘tilgan.  

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarda yarashuv institutining joriy etilishi ma’muriy huquqbuzarliklar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish hamda liberallashtirish, ish bo‘yicha qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishga xizmat qiladi.  

S. Maxmudov,

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi